Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2025   |   22 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:06
Quyosh
05:33
Peshin
12:32
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:45
Bismillah
16 Avgust, 2025, 22 Safar, 1447
Maqolalar

Erishish imkonsiz narsani orzu qilsa bo‘ladimi?

29.10.2024   7807   2 min.
Erishish imkonsiz narsani orzu qilsa bo‘ladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilk vahiy kelgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘rqib ketganlari bois onamiz Xadicha raziyallohu anho amakisi Varaqa ibn Navfal oldiga borib, vaziyatni tushuntiradilar. Ancha yoshga kirib qolgan Varaqa: “Senga qavming dushmanlik qilib, yurtingdan chiqargan vaqtda, qaniydi men ham bo‘lsam edi, senga yordam bergan bo‘lardim!”, deydi – Imom Buxoriy rivoyati.

Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Agar unda yaxshilik bo‘lsa, imkonsiz narsani xohlash, orzu qilish mumkinligiga bu hadis dalildir. Varaqa yana yosh yigit bo‘lishni xohladi, lekin bu imkonsiz narsa, ya’ni inson umri davomida bir marta yoshlik davrida yashaydi” –  “Fathul Boriy”, 1/26.

Ma’lumki, insonda istaklar mavjud. Ba’zan vaqt, umr kabi ortga qaytmaydigan jihatlarni orzu qiladi. Bolalikka qaytgisi yoki boshqa hududlarga ketgisi keladi. Mana shunday vaziyatlarda niyat qilayotgan narsasi yaxshilik, xayrli bo‘lsa, uni orzu va niyat qilsa bo‘ladi. Ko‘pgina odamlar payg‘ambarlar, sahobalar davrida bo‘lib qolsam, falon-falon xayrli ishlarni qilar edim, deb o‘y suradi. Voqelikda ularning davriga qaytishning iloji yo‘q, lekin shunday bo‘lsa-da, Varaqa ibn Navfal kabi xayrli niyat qilsa, buning yomon tomoni yo‘q.

Varaqa ibn Navfal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahoba hisoblanmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Varaqani yomonlamanglar! Zero, tushimda uning uchun tayyorlab qo‘yilgan bir yoki ikki jannatni ko‘rdim”, deganlar – Imom Bazzor va Hokim rivoyatlari. Hokim bu hadisni imom Buxoriy va Muslimlar shartiga ko‘ra sahih, degan. Manbalardan ma’lumki, payg‘ambarlarning tushlari ham vahiy o‘rnidadir.

Yuqoridagi fikrlarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, inson yaxshi niyati evaziga Allohdan savob, mukofot oladi.

Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “… Bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir. Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha ajr oladi va u ikkisining savobi bir xil” – Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, banda moddiy-jismoniy imkoni bo‘lmay turib, biror xayrli ishni qilishni istab niyat qilsa, evaziga o‘sha ishni qilgandek savob oladi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar

O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlar xorijning yetakchi nashrlari nigohida

15.08.2025   2909   1 min.
O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlar xorijning yetakchi nashrlari nigohida

Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida diniy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda.


Dunyo musulmonlari hayotiga oid eng ishonchli va xolis ma’lumotlar e’lon qiluvchi taniqli “Islamonweb” portalida Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukran Abdulrahmon va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning “Ilm – milliy taraqqiyot va global tinchlikning mustahkam poydevori” mavzusidagi maqolasi e’lon qilindi.


Maqolada ta’kidlanganidek, boy ilmiy-ma’naviy asosga ega Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda xalqaro ilmiy hamjamiyat e’tiborini o‘ziga tortgan muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.


O‘zbekiston milliy qadriyatlar, tarixiy tajriba va zamonaviy bilimlarni uyg‘unlashtirish orqali barqaror taraqqiyotga intilmoqda. Bu yurtdagi barcha ijobiy o‘zgarishlar xalq ehtiyoji va orzu-istaklariga asoslanib, bag‘rikenglik, taraqqiyot va ma’rifat tamoyillariga sodiq qolgan holda olib borilmoqda.


Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning g‘oyasi asosida tashkil etilgan Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi qisqa vaqt ichida ulkan ilmiy loyihalarni amalga oshirib, O‘zbekistonning ilm-ma’rifat markazi sifatidagi xalqaro imijini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri