Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilk vahiy kelgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘rqib ketganlari bois onamiz Xadicha raziyallohu anho amakisi Varaqa ibn Navfal oldiga borib, vaziyatni tushuntiradilar. Ancha yoshga kirib qolgan Varaqa: “Senga qavming dushmanlik qilib, yurtingdan chiqargan vaqtda, qaniydi men ham bo‘lsam edi, senga yordam bergan bo‘lardim!”, deydi – Imom Buxoriy rivoyati.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Agar unda yaxshilik bo‘lsa, imkonsiz narsani xohlash, orzu qilish mumkinligiga bu hadis dalildir. Varaqa yana yosh yigit bo‘lishni xohladi, lekin bu imkonsiz narsa, ya’ni inson umri davomida bir marta yoshlik davrida yashaydi” – “Fathul Boriy”, 1/26.
Ma’lumki, insonda istaklar mavjud. Ba’zan vaqt, umr kabi ortga qaytmaydigan jihatlarni orzu qiladi. Bolalikka qaytgisi yoki boshqa hududlarga ketgisi keladi. Mana shunday vaziyatlarda niyat qilayotgan narsasi yaxshilik, xayrli bo‘lsa, uni orzu va niyat qilsa bo‘ladi. Ko‘pgina odamlar payg‘ambarlar, sahobalar davrida bo‘lib qolsam, falon-falon xayrli ishlarni qilar edim, deb o‘y suradi. Voqelikda ularning davriga qaytishning iloji yo‘q, lekin shunday bo‘lsa-da, Varaqa ibn Navfal kabi xayrli niyat qilsa, buning yomon tomoni yo‘q.
Varaqa ibn Navfal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahoba hisoblanmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Varaqani yomonlamanglar! Zero, tushimda uning uchun tayyorlab qo‘yilgan bir yoki ikki jannatni ko‘rdim”, deganlar – Imom Bazzor va Hokim rivoyatlari. Hokim bu hadisni imom Buxoriy va Muslimlar shartiga ko‘ra sahih, degan. Manbalardan ma’lumki, payg‘ambarlarning tushlari ham vahiy o‘rnidadir.
Yuqoridagi fikrlarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, inson yaxshi niyati evaziga Allohdan savob, mukofot oladi.
Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “… Bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir. Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha ajr oladi va u ikkisining savobi bir xil” – Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati.
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, banda moddiy-jismoniy imkoni bo‘lmay turib, biror xayrli ishni qilishni istab niyat qilsa, evaziga o‘sha ishni qilgandek savob oladi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV