Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilk vahiy kelgan vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qo‘rqib ketganlari bois onamiz Xadicha raziyallohu anho amakisi Varaqa ibn Navfal oldiga borib, vaziyatni tushuntiradilar. Ancha yoshga kirib qolgan Varaqa: “Senga qavming dushmanlik qilib, yurtingdan chiqargan vaqtda, qaniydi men ham bo‘lsam edi, senga yordam bergan bo‘lardim!”, deydi – Imom Buxoriy rivoyati.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh aytadi: “Agar unda yaxshilik bo‘lsa, imkonsiz narsani xohlash, orzu qilish mumkinligiga bu hadis dalildir. Varaqa yana yosh yigit bo‘lishni xohladi, lekin bu imkonsiz narsa, ya’ni inson umri davomida bir marta yoshlik davrida yashaydi” – “Fathul Boriy”, 1/26.
Ma’lumki, insonda istaklar mavjud. Ba’zan vaqt, umr kabi ortga qaytmaydigan jihatlarni orzu qiladi. Bolalikka qaytgisi yoki boshqa hududlarga ketgisi keladi. Mana shunday vaziyatlarda niyat qilayotgan narsasi yaxshilik, xayrli bo‘lsa, uni orzu va niyat qilsa bo‘ladi. Ko‘pgina odamlar payg‘ambarlar, sahobalar davrida bo‘lib qolsam, falon-falon xayrli ishlarni qilar edim, deb o‘y suradi. Voqelikda ularning davriga qaytishning iloji yo‘q, lekin shunday bo‘lsa-da, Varaqa ibn Navfal kabi xayrli niyat qilsa, buning yomon tomoni yo‘q.
Varaqa ibn Navfal Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sahoba hisoblanmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Varaqani yomonlamanglar! Zero, tushimda uning uchun tayyorlab qo‘yilgan bir yoki ikki jannatni ko‘rdim”, deganlar – Imom Bazzor va Hokim rivoyatlari. Hokim bu hadisni imom Buxoriy va Muslimlar shartiga ko‘ra sahih, degan. Manbalardan ma’lumki, payg‘ambarlarning tushlari ham vahiy o‘rnidadir.
Yuqoridagi fikrlarga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, inson yaxshi niyati evaziga Allohdan savob, mukofot oladi.
Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “… Bir bandaga Alloh boylik va ilm beradi. U Rabbiga taqvo qiladi, silai rahm qiladi va unda Allohning haqqini biladi. Bu eng afzal darajadir. Yana bir bandaga Alloh ilm beradi, ammo boylik bermaydi. Shunga qaramay uning niyati to‘g‘ri, agar Alloh menga ham boylik berganida falonchining amalini qilgan bo‘lardim, deydi. U niyatiga yarasha ajr oladi va u ikkisining savobi bir xil” – Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati.
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, banda moddiy-jismoniy imkoni bo‘lmay turib, biror xayrli ishni qilishni istab niyat qilsa, evaziga o‘sha ishni qilgandek savob oladi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Har yili aynan o‘quv yili boshlanishidan avval O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi ko‘plab ehtiyojmand oilalarda voyaga yetayotgan minglab bolalar uchun kutilmagan sovg‘a hozirlaydi. Boquvchisi yo‘q, ko‘ngli o‘ksik bolajonlarga o‘quv qurollari, maktab formalari tortiq qiladi.
Bu yil ham an’ana davom etmoqda. Ayni paytda fond va uning hududlardagi filiallari tomonidan ana shunday bolajonlarga zarur o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar sovg‘a qilinmoqda. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Navoiy viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda ikki kun davomida kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q oilalarning 23 nafar farzandiga maktab formalari, o‘quv qurollari va sumkalar olib berildi.
Aziz yurtdoshlar! “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Mehriboning bo‘laman, bolam!” aksiyasi doirasida BESH ming nafar yetim bolajonlarga xursandchilik ulashishni, ularga barcha zarur o‘quv qurollari, forma va sumkalar olib berishni niyat qilgan.
Siz ham aksiyada faol ishtirok eting. Bizning barcha viloyatlardagi bazalarimizga ehson qilmoqchi bo‘lgan maktab sumkasi, o‘quv qurollari, forma va moddiy yordamlaringizni olib keling.
EHSON QILING, AZIZLAR!
UZ CARD: 5614 6821 2355 1733
HUMO: 9860 1701 0179 1524
Union pay: 6210 4501 6449 4569
VISA: 4023 0602 0855 9012
Hamma plastik kartalar YULCHIEV ALIJON nomida.
Vaqf.uz