"Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, ixtilofchilarning "mulla"lariga ham ko'rsatmalar chet eldagi xo'jayinlaridan kelib turar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo'zish ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning "mulla"lariga markazdan faks, elektron pochta yoki internet orqali ko'rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko'rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklariga berishmoqda. Yugurdaklar ana o'sha tarjimalarni ko'tarib olib, mo'min-musulmonlar orasida ixtilof urug'ini sochmoqdalar".
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh
"Ixtiloflar: Sabablar va echimlar" kitobidan
#Sayyor_yig‘ilish
Shu yil 12 avgust kuni Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.
Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov kun davomida amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng tumandagi barcha masjidlar imom-xatiblari hojilar bilan birgalikda hududdagi mahallalarga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.
Tadbir doirasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz holidan xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar bilan ham yakkama-yakka suhbatlar olib borildi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashdir.
100 ta oilaga kirish 100 xil muammo va shuncha yechim degani.
Tadbir ishtirokchilari yana «Niyozmat ota» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati