"Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, ixtilofchilarning "mulla"lariga ham ko'rsatmalar chet eldagi xo'jayinlaridan kelib turar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo'zish ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning "mulla"lariga markazdan faks, elektron pochta yoki internet orqali ko'rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko'rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklariga berishmoqda. Yugurdaklar ana o'sha tarjimalarni ko'tarib olib, mo'min-musulmonlar orasida ixtilof urug'ini sochmoqdalar".
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh
"Ixtiloflar: Sabablar va echimlar" kitobidan
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men kasalimdan shikoyat qilib: «Allohim, agar ajalim yaqinlashgan bo‘lsa, meni rohatlantir, agar ajalimni kechiktirgan bo‘lsang, mendan kasallikni ko‘tar. Agar balo keltirgan bo‘lsang, menga sabr ber», deb aytayotganimda, nogahon oldimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar. Va: «Nima deding?» deb so‘radilar. Men aytganlarimni takrorladim. U zot oyoqlari bilan meni turtib: «(Yo‘q,)
اللهُمَّ عَافِهِ أَوْ اشْفِهِ
«Allohumma ’afihi» yoki «Allohumma ishfihi» (Allohim, ofiyatda qil yoki shifo ber), deb ayt», dedilar. Men ana shu kundan keyin kasallikdan shikoyat qilmadim» (Imom Termiziy rivoyati).