Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
Zamonamizning yetuk allomasi, faqihi, ustoz, shayx Muhammad Adnon ibn Yosin Darvish foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
Shu munosabat bilan marhumning barcha oila a’zolariga, safdoshlari va shogirdlariga chuqur, samimiy ta’ziya izhor etamiz.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini o‘ziga hamroh qilsin, qabrlarini jannat bog‘chalaridan qilsin, bu dunyoda qilgan xayrli amallaridan, xizmatlaridan hosil bo‘lgan ajru savoblardan Qiyomatga qadar bahramand qilib, ruhlarini shod qilsin, oxiratlarini obod qilsin, va’dasiga binoan, izzat tojini kiydirsin, ilmiga amal qilgan ulamolarga va’da qilgan ajru mukofotlaridan bahramand qilib, jannatlariga doxil aylasin!
Haq taolo bu olim bandasining haqqiga qilinadigan barcha xayrli duolarni ijobat qilsin!
Ushbu og‘ir judolik damlarda marhumning ahli baytiga Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz, barcha yaqinlariga go‘zal sabr tilab qolamiz.
Ahli oilalari, farzandlari va yor-birodarlariga barcha mo‘min-musulmonlar nomidan, ko‘plab shogirdlar nomidan hamdardlik izhor qilamiz, marhumning haqlariga duoda bo‘lamiz.
Muborak juma kunida siz azizlardan ham marhumning haqlariga duolar qilishingizni so‘raymiz.
«Musibat yetganda «Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz Unga qaytamiz», deydigan sabrlilarga xushxabar bering».
Ma’lumot o‘rnida: Mashhur faqih, usuliy alloma shayx Muhammad Adnon ibn Yosin Darvish 1970 yil 17 noyabrda Suriyaning Damashq shahrida tavallud topgan.
Misrning “Al-Azhar” universitetining bakalavriati (shariat va qonun fakulteti) va magistratura bosqichini (usulul fiqh) tamomlagan.
Usulul fiqh yo‘nalishi bo‘yicha fan doktori ilmiy unvoniga ega.
«Abdulaziz Buxoriyning usulul Bazdaviyga sharhi “Kashful asror” asarining ilmiy tahqiqi» mavzusidagi magistrlik ilmiy ishini himoya qilgan.
“Ibn Hojibning usuldagi fikrlari” doktorlik ilmiy ishi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Damashq shahri va viloyatidagi o‘rta maktablarda mudarrislik qilgan.
1989 yildan Fath Islom institutida, 2006 yildan ushbu ta’lim dargohining yuqori universitet qismida dars bergan.
2014 yildan buyon Turkiyaning Istambul shahridagi Sabohuddin Zaim masjidida mudarris sifatida faoliyat yuritdi.
Shom oliy ma’hadida fiqh va mazhablar fiqhi bo‘yicha ham mudarrislik qilgan. Damashq viloyatidagi Huda ma’hadining asoschisi sanaladi.
O‘tgan zabardast ulamolar, xususan Imom Suyutiyning “Sahihi Muslim”ga yozilgan “Deboj” nomli sharhini, Imom Kosoniyning “Badoi’us-sanoi’” kitobini, “Hidoyatul Fattoh fi zikri adillati nurul iyzoh” kitobini, Meros ilmiga oid “Sirojiya” kitobi sharhini, Munziriyning “Arba’iyn fi istisno’il ma’ruf” kitobini, Imom Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini, Imom Musiliyning “Ixtiyor” kitobini, “Sahihul Buxoriy”ning eng katta sharhlaridan bo‘lmish “Najohul qoriy bisharhil Buxoriy” kitobini sharhlagan va tahqiq qilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:
– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:
– Kim u? – deb so‘radi.
– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:
– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:
– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.
– Ha, – dedim.
– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.
– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».
Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.
Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan