Bir kun kelib, farzandlaringizni ham qarg‘ab qo‘ysangiz nima bo‘ladi?
Qiz bola musibat kelganda, qiyinchilik paytida o‘zini o‘zi qarg‘ashga o‘rganib qolsa, afsuski, bu narsa tiliga o‘rnashib qoladi. Yillar o‘tib, xuddi shu ishni farzandlariga ham qilmaydi deb, kim kafolat bera oladi? Bunday yomon odatga o‘rganib qolgan ayol bolalari yoshlik qilib, jahlini chiqarsa, ularni qarg‘ab tashlaydi, ularga qo‘shib, «Xudo jonimni olsa-yu, shulardan qutulsam» deb, o‘zini ham qarg‘aydi. Aslida boshingizga tushgan har qanday musibat – Allohning sinovidir. Yomon duolaringiz, qarg‘ishlaringiz ijobat bo‘lib, afsus-nadomatda qoladigan kun kelib qolmasin, bugunoq o‘zingizni o‘nglang! Zero, hayotda farzandlarini duoibad qilgan uchun qancha-qancha oilalar xarob bo‘lgan!
O‘zingizga o‘lim tilaganmisiz?
Boshimizga og‘ir ish tushib qolsa, ko‘zimizga dunyo qorong‘i bo‘lib, yashagimiz kelmay qoladi. Bu – Allohni tanimaslik, dinni tushunmaslik, hayotning qadriga yetmaslikdir. Bunday kimsa uchun go‘yo kelajak hayoti zimistondan iborat, uni hech qanday yaxshilik kutmayotgandek tuyuladi. Go‘yoki bu hayotda birorta mehriboni qolmagandek bo‘lib qoadi. Bunday holatda inson beixtiyor o‘limni orzu qilib qoladi, bunday azoblardan xalos etishini so‘rab, Alloh taologa yolvora boshlaydi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: qarshimizdagi hamma eshiklar yopilib, yashashdan umidimiz uzilib qolsa, bu azoblardan qutulish uchun o‘limni orzu qilishga haqqimiz bormi o‘zi?
Bu savolga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday javob berganlar:
«Hech biringiz biror kulfat tufayli o‘ziga o‘lim tilamasin! Shunda ham boshqa chorasi qolmasa, «Allohim, agar men uchun yashash xayrli bo‘lsa, meni yana yashatgin. Agar men uchun o‘lim xayrli bo‘lsa, jonimni olgin», desin».
Sahobalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odoblari bilan ziynatlanganlar. Shuning uchun hayotlarining eng qiyin onlarida ham o‘limni orzu qilmaganlar.
Qaysdan rivoyat qilinadi: «Habbob ibn Aratni ko‘rgani bordik. U qornidagi yaraga yetti marta kuydirma bosgan ekan. Borsak, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni o‘lim tilashdan qaytarmaganlarida, o‘zimga o‘lim tilagan bo‘lardim», dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bir qiz aytadi: «Go‘dakligimda otam menga Payg‘ambarimizning «Hech biringiz zinhor o‘ziga o‘lim tilamasin», degan so‘zlarini o‘rgatganlar. Otam bu hadisni menga juda ko‘p eslatar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Allohim, men uchun yashash xayrli bo‘lsa, meni yana yashatgin. Agar men uchun o‘lim xayrli bo‘lsa, jonimni olgin», deyishni o‘rgatganlarini yaxshilab yod olishga undar edilar. Otam: «Inson hayotda ko‘p qiyinchiliklarga, musibatlarga duch kelishi mumkin. Alloh asrasin, shunday payt kelib qolsa, hech qachon o‘zingga o‘lim tilamagin! Umidsizlikka tushsang, Allohga tavakkul qilgin-da, «Allohim, men uchun yashash xayrli bo‘lsa, meni yana yashatgin. Agar men uchun o‘lim xayrli bo‘lsa, jonimni olgin», deb duo qilgin!» der edilar.
Otam bu duoni yod olishimga nima uchun bunchalik harakat qilganlariga, o‘ziga o‘lim tilamaslikni bunchalik qattiq tavsiya qilganlariga hayron bo‘lib yurardim. Yillar o‘tib, o‘smirlik yoshiga yetdim. O‘sha davrga xos muammolarga duch kela boshladim. Ana shunda beixtiyor otamning so‘zlarini eslab qoldim. Ko‘pchilik dugonalarim salgina qiynalsa ham, o‘ziga o‘lim tilayotganini ko‘rib, hayron qolar edim. Men ham ulardek bo‘lib qolishim hech gap emas edi. Lekin otam o‘rgatgan nabaviy duolar tufayli Alloh meni bunday qismatdan asradi.
Payg‘ambarimizning o‘limni orzu qilishdan qaytarishlarida yana bir go‘zal ma’no borligini anglab yetdim. O‘limni orzu qiladigan, yashashni yomon ko‘radigan qiz Allohga o‘lim tilab duo qilaversa-yu, Alloh uning duosini ijobat qilmasa, o‘z joniga qasd qilishga ham jur’at qilib qolishi mumkin. Bu esa juda katta gunoh! O‘lim tilashning nechog‘lik xatarli ekanini yaxshi anglagan qiz esa joniga qasd qilish naqadar yomonligini tushunib, bu haqda o‘ylashdan ham ehtiyot bo‘ladi. Juda qayg‘uga botib, umidsizlikka, tushkunlikka tushib qolsa ham, «Allohim, men uchun yashash xayrli bo‘lsa, meni yana yashatgin. Agar men uchun o‘lim xayrli bo‘lsa, jonimni olgin», deb duo qilsa, Allohga tavakkul qilsa, mabodo vafot etib qolsa ham, albatta yaxshilik bo‘ladi. Alloh unga umr bersa, Allohga ishongani uchun «Demak, hali hayotimda juda ko‘p yaxshiliklar bor ekan», deb yashaydi. Alloh taolo bandaning duosini albatta ijobat qiladi. Mana shunday tushuncha qiz bolani umidsizlikdan, joniga qasd qilish kabi xayollardan asraydi. Men bu duoning foydasini hayotimda juda ko‘p sinab ko‘rganman, bu duo menga har doim umid baxsh etgan, meni yanada ko‘proq sabr qilishga chorlagan, kelajakka umidimni oshirgan. Albatta, bularning barchasi Allohning fazlidir».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz