Uchrashuvda jamg'arma tomonidan yurtimizda moliyalashtiriladigan loyihalar yordamida turli sohalar rivojini qo'llab-quvvatlash orqali hamkorlikni kengaytirish yo'llari muhokama etilgan.

Ta'kidlash joiz, respublikamizda 2008 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Saudiya Taraqqiyot jamg'armasi ta'lim, sog'liqni saqlash, transport, uy-joy, suv ta'minoti va kanalizatsiya yo'nalishlariga imtiyozli kredit ajratish orqali 11 ta loyiha va dasturni amalga oshirmoqda.
SPA Ar-Riyodda bo'lib o'tgan Saudiya Arabistoni va O'zbekiston o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvning beshinchi davrasi tafsilotini ham yoritdi.

– Podshohlik tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Volid bin Abdulkarim Al-Hurayjiy va O'zbekiston TIV rahbari birinchi o'rinbosari Bahrom A'loyev boshchiligidagi delegatsiyalar ikki tomonlama munosabatni turli jabhada rivojlantirish yo'llarini ko'rib chiqdi, umumiy manfaat keltiradigan qator masalalar yuzasidan fikr almashdi. Tadbirda Saudiya Arabistoni Podshohligining O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solih Al-Utaybiy ham ishtirok etdi.

Saudiyaning qator nashrlarida “Valiahd shahzoda oliylariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentidan yozma maktub keldi” sarlavhali maqola e'lon qilindi.
Valiahd shahzoda va Bosh vazir Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevdan ikki davlat o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatga oid yozma maktub olgani yoritilgan materialda maktub orqali umumiy manfaatdor mavzular ko'tarilgani, aloqalarni barcha sohada yanada mustahkamlash zarurligi ta'kidlangani aks etgan.
Muharrama Pirmatova, O'zA
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati