Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Noyabr, 2026   |   5 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:11
Peshin
12:13
Asr
15:23
Shom
17:07
Xufton
18:23
Bismillah
15 Noyabr, 2026, 5 Jumadul soni, 1448

Zamzamning hikoyasi

04.11.2024   13398   8 min.
Zamzamning hikoyasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Siz men haqimda ko‘p eshitgansiz. Mening makonim – Allohning uyi Ka'batullohdir. Shuning uchun haj va umra safariga borgan hojilar meni o‘zlari bilan olib kelishadi, yaqinlari va qo‘ni-qo‘shnilariga, ayniqsa, siz bolajonlarga bir ho‘plamdan bo‘lsa-da ulashishadi. Meni shunchaki emas, qiblaga qarab, niyat qilib iching. Buning sababi Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir», deganlar. Sarvari koinot shu bir og‘iz gaplari bilan mening oddiy suv emasligimni ummatlariga yetkazganlar. Aytaylik bir odam bemor bo‘lsa-yu, meni shifo niyatida ichsa, Alloh uning dardiga shifo beradi. Boshida bir tashvishi bor kishi o‘sha mushkuli oson bo‘lsin deb ichsa, Alloh uning mushkulini oson qiladi. Chanqog‘im qonsin desa, chanqog‘i qonadi. Yeyishga hech vaqosi yo‘q insonga ovqat o‘rniga o‘taman va hokazo. Payg‘ambarimiz alayhissalom meni hamisha e'zozlab, sevib ichganlar va safarlarda o‘zlari bilan olib yurganlar. Bu men uchun ulug‘ sharaf  bo‘lgan.

Endi sizga yer bag‘ridan bu yorug‘ dunyo yuziga qanday qilib chiqqanim haqida gapirib bersam. Allohning do‘sti va payg‘ambari Ibrohim alayhissalom haqlarida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U kishi oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning katta bobolari bo‘ladilar. U kishining bibi Sora va bibi Hojar ismli ayollari bo‘ladi. Ikkovlaridan bittadan o‘g‘il ko‘radilar. Bibi Soradan ko‘rgan o‘g‘liga Is'hoq, bibi Hojardan ko‘rgan o‘g‘liga Ismoil deb ism qo‘yadilar.

Bir kuni Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan chaqaloq Ismoilni olib, yo‘lga tushadilar. Yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, hozirgi Ka'batullohning o‘rniga kelib qoladilar. Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan Ismoilni bir xalta xurmo va bir mesh suv bilan shu yerda qoldirib, orqalariga qaramay keta boshlaydilar. Shunda Hojar onamiz: «Ey Ibrohim! Bizni kimsasiz, biror narsa ham unmaydigan vodiyga tashlab, qayoqqa ketmoqdasiz?» deganlarini yer tagida turib eshitdim. Ammo Ibrohim alayhissalom javob bermadilar. Hojar onamiz yana: «Alloh sizga shuni buyurdimi?» deb so‘radilar. «Ha» degan javob bo‘ldi. «Undoq bo‘lsa U Zot bizni shu holimizda tashlab qo‘ymaydi», dedilar Hojar.

Shunday qilib Hojar onamiz o‘zlari bilan chaqaloq Ismoilni Allohning ixtiyoriga topshirdilar. To‘rvadagi xurmo ham, meshdagi suv ham tugadi. Aksiga olib kun tobora qizdirar, Ismoil chanqab, holsizlanib chirillab yig‘lar edi. Bu paytda ular uncha baland bo‘lmagan Safo tog‘ida turardilar, ancha narida Marva tog‘i bor edi. Hojar onamiz shu toqqa chiqib qarasam biror kimsa ko‘rinarmikan deb shu yoqqa chopdilar. Ko‘zlariga suv ko‘rindi. Borsalar hech kim yo‘q, ko‘ringan narsa suv emas sarob ekan. Hojar onamiz Allohga yolvorib, ilinj va umidda yetti marta Safo va Marva oralig‘ida yelib-yugurdilar. Shunda men Allohning amri bilan Ismoilning chirillab yig‘lab tovonchalarini yerga urgan joydan sizib chiqdim. Oh, yorug‘ dunyo, ey murg‘ak chaqaloq meni ichaqol, tashnaligingni qondir, deb yubordim Shu damda Hojar onamizni ko‘rsangiz edi. Axir men aldamchi sarob emas haqiqiy suv edim-da. Onayizor xursandligidan kulib yig‘lar, yig‘lab kular edi. Shoshganlaridan «zam-zam» – to‘xta-to‘xta deb, qum bilan yo‘limni to‘sdilar. Hovliqib hovuchlarida olib yonlaridagi bo‘shab qolgan meshga sola boshladilar. Meni hozir tugab qoladi deb qo‘rqardilar-da.

Keyinchalik mana shu holat haqida Payg‘ambarimiz shunday degan edilar: «Alloh Ismoilning onasini rahmat qilsin. Agarda zamzamni tek qo‘yganida yoki suvni hovuchlab olmaganida zamzam ko‘rinib turadigan buloq bo‘lar edi». Darhaqiqat, Hojar onamiz «To‘xta, to‘xta» deganlaridan keyin Allohning amri bilan to‘xtadim, hovuchlab olganlaridan keyin, oqib turadigan buloqqa emas, quduqqa aylanib qoldim. Odamlar meni “zamzam qudug‘i” deydigan bo‘ldilar va meshda tortib olib, ichadigan bo‘ldilar. Kelajakda mashhur Zamzam qudug‘i bo‘lib qolishim mumkinligini hali bilmasdim.

Bir vaqt o‘tib Ibrohim alayhissalom qaytib keldilar. Bu paytda o‘g‘li Ismoil katta yigit bo‘lib qolgan edi. O‘g‘illari bilan shundoqqina yonimga Baytulloh – Allohning uyini qurdilar va odamlarni Allohning uyini tavof qilishga chaqirdilar. Haj amallari boshlanib ketdi. Men hojilarga xizmat qilayotganimdan, taqdirimdan mamnun edim. Biroq...

Ha, buni hayot deb qo‘yibdilar, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Turmushda nimaiki yaxshi yoki yomon narsa bo‘lsa unga ko‘proq odamlar sababchi bo‘lar ekan. Gap shundaki bu yerda suv paydo bo‘lganini ko‘rgan Jurhum qabilasi Makkaga kelib, turg‘un bo‘lib qoldi. Ammo keyinchalik bu qabila odamlari ko‘p noma’qul ishlarni qila boshladilar. Allohning uyi Ka'batulloh joylashgan muazzam manzilda yashayotganlarini unutib qo‘ydilar. Hojilarga qo‘pollik qila boshladilar. Natijada Allohning amri bilan men quridim, axlatxonaga aylanib, ko‘zim ko‘milib ketdi. Oh, oh... shundoq suv-a, hojilar armonda qoldilar. Unda quduq yana qachon ochildi, deb so‘rarsiz? Eshiting, bu juda qiziq. Bir kuni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmattolib Ka'batullohning yonida uxlab yotardilar. Tushlarida birov:

– Taybani kavla! – dedi.

– Tayba nima? – so‘radilar Abdulmuttolib.

Javob bo‘lmadi. Ertasiga yana o‘sha joyda uxlab yotganlarida:

– Barrani kavla! – degan ovoz eshitildi.

– Barra nima?

Yana javob bo‘lmadi. Uchinchi kuni yana shu hol takrorlandi.

– Maznunani kavla!

– Maznuna nima?

Yana jimlik. Ajabo, keyingi kun ham bu hol qaytalandi.

– Zamzamni kavla!

Muborak nomimni eshitib yer qo‘ynida bir to‘lg‘anib oldim. Allohdan amr bo‘lib «kavla» deyilyaptimi, demak, men yana yer yuziga chiqaman.

– Zamzam nima? – deb Abdulmuttolib yana savol qildilar.

Bu gal javob bo‘ldi:

– U hech qurimas va ta’mi buzilmas. Ko‘p hojilarni sug‘oradi. U tezak va qon bor joyda. Qarg‘a yer cho‘qiyotgan joyda. Chumoli bor joyda...

Ana shunaqa, Alloh bir paytlar meni yer betiga chiqarib, odamlarga rizq qilib bergan joyni, hayvonlarni so‘yib qonini oqizadigan, tezaklarni olib kelib to‘kadigan, qarg‘alar go‘ng titadigan joyga aylantirib qo‘yishgan edi.

Shunday qilib hazrat Payg‘ambarimizning bobolari bir necha kun jidd-u jahd bilan ishlab, menga yetishdilar va «Allohu akbar!» deb yubordilar. Shunday qilib dunyoga ikkinchi bor qayta keldim. Mana bir yarim ming yildan ortiqroq vaqt bo‘lyaptiki, hojilar hizmatidaman. Har yili hajga, umraga necha necha millionlab odamlar kelishadi. Mendan qonib-qonib ichishadi va yana o‘zlari bilan olib ketishadi. Lekin men kamaymayman. Qaynab chiqaveraman. Alloh meni ana shunaqa barokatli qilib qo‘ygan. Allohning uyini tavof qilgani keling, o‘zim kutib olaman. Dardingiz bo‘lsa malham bo‘laman, chanqagan bo‘lsangiz qondiraman, xohlasangiz taom bo‘lib qorningizni to‘ydiraman, xullas, xizmatingizdaman.

Erkin bobo
«Hilol» jurnali 3(60) son

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

14.11.2026   48596   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!

Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.

Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari