Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

«JONLI» va «JONSIZ» tarbiya

04.11.2024   24001   17 min.
«JONLI» va «JONSIZ» tarbiya

«JONLI» va «JONSIZ» tarbiya

 

«Agar ogohsan sen – shohsan sen.

Agar shohsan sen – ogohsan sen»

 

«Avliyolarning  avliyosi», «mutafakkirlarning  mutafakkiri», «shoirlarning sultoni» bobomiz Alisher Navoiy hazratlari naqadar chiroyli ta’rif berganlar o‘z asarlarida!

«Ogohlik» co‘zining ma’nolarini bugungi zamon sharoitidan kelib chiqib, yanada keng miqyosda tushunishimizga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, bugungi ogohlik xalqimiz, ayniqsa yoshlar qalbini, ruhiyatini, aql-idroki va umuman ma’naviyatini jahonda yuz berayotgan mafkuraviy yo‘nalishdagi oshkora va yashirin tahdidlarning xatarlaridan va «ommaviy madaniyat»ning yemiruvchi ta’siridan muhofaza qilishni ham o‘z ichiga oladi.     

Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san’atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi. 

Biroq G‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini G‘arb ziyolilarining o‘zlari «G‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma’naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

 

«Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini o‘nib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish vazifasi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda».

 

Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi mas’ullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmog‘imiz lozim!

Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari o‘ta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zo‘r shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil ma’lumotlarni kechayu-kunduz tarqatayotgan bir onda, ayniqsa bugun farzandlarimiz o‘z-o‘zlari bilan yolg‘iz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashg‘ul bo‘lib, bolalarimiz ular bilan “band” bo‘lib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo,  baliqqa suv zarurligiday zarur bo‘lsa kerak...

 

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya. 

«JONSIZ» tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, televizor... Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu narsalar ham ko‘p yoshlarimizni, ba’zi o‘rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan ozdirib va adashtirib qo‘ymokda.

Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda... 

 

Bunday shakldagi «jonsiz»tarbiya:

dono xalqimiz dunyoqarashiga ham, 

millatimiz mentalitetiga ham, 

Qur’oni karim oyatlariga ham, 

Payg‘ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham, 

dinimiz ko‘rsatmalariga ham, 

shariatimiz hukmlariga ham, 

ulamolarimiz fatvolariga ham, 

davlatimiz qonunlariga ham, 

sharqona odoblarimizga ham, 

mazhabimiz me’yorlariga ham, 

jamiyatshunoslik aloqalariga ham, 

odamgarchilik munosabatlariga ham, 

insoniy tuyg‘ularga ham, 

ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, 

yurtimiz urf-odatlariga ham, 

o‘zbekchilik qoidalariga ham, 

madaniyatimiz axloqlariga ham, 

insoniy aqlga ham,

axloqiy normalarga ham, 

dono maqollarimizga ham, 

milliy an’analarimizga ham, 

diniy qadriyatlarimizga ham, 

xalqimiz ongiga ham,

musulmonchiligimiz asoslariga ham, 

Islom dinimiz tushunchalariga ham 

 

ZID  EKANLIGINI  UNUTMAYLIK!!!

 

Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e’tiqodimiz, an’anayu qadriyatlarimizga mos keladiganlarinigina saralab olmog‘imiz shart!

Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma’naviyatiga jiddiy zarar yetmasin!

Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta’sir o‘tkazishi aniqlangan.

  

2) «JONLI» tarbiya – bu: 

ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari; 

buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari; 

mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari; 

elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari;

jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta’lim maskanlarida taralayotgan durdan a’lo fanlar va beqiyos bilimlar;

uyimizda farzandlarimizga o‘zimiz berayotgan ta’lim-tarbiyamiz.

 

Bu «jonli» tarbiyadagi ma’lumotlar esa ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi. 

 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a’zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi. 

Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e’tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «meni otam meni haqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko‘z oldida doim turadi. 

Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi. 

 

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma’naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi», deb yana qo‘shimcha sifatida bizlarga  yengilmas kuch qilib berdilar.

Xalqimizning milliy ma’naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir! Ular oila mustahkamligini ta’minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta’limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. 

 

Janobi hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» 

Bu xususda shoirlarimizning ibratli so‘zlari bor: 

«Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

 Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor».

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema’ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta’sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. 

Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim. 

Ayniqsa hozirda yurtimizdagi mavjud behisob hamda turli fursat va imkoniyatlardan serma’no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, 

 

HAR BIR OTA,  HAR BIR ONA  O‘Z farzandiga:

 

odob-axloq namunalarini, 

kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini,

bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, 

ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, 

oila a’zolariga – rahmdillik va mehribonlikni, 

o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, 

qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, 

qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, 

sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni, 

atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, 

hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – 

HAM  BURCHIMIZ,  HAM  QARZIMIZ,  HAM  FARZIMIZDIR!!! 

 

XUDONI OLDIDA ham, BANDASINI OLDIDA ham, YURT-XALQIMIZ OLDIDA ham

 

Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma’lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech kanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona-Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e’tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “xaqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!       

 

Ibrohimjon domla Inomov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   26178   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari