Cavol: Qiyomat alomatlari hakida ma’lumot bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qiyomat kuni qachon bo‘lishi Alloh taolo yashirgan sirdir. Lekin uning alomatlari haqida oyati karima va hadisi shariflarda bizga bir qancha ma’lumotlar yetib kelgan. Qiyomat alomatlari – qiyomat yaqinlashganda sodir bo‘ladigan voqea-hodisalardir.
Qiyomat alomatlarining hammasi yuzaga chiqib bo‘lsa Allohning irodasi bilan bu dunyo nihoyasi yetadi va qiyomat qoim bo‘ladi. O‘shanda butun borliqda hayot tugaydi. Borliqning hozirgi nizomi tamomila buziladi. Hamma narsa ostin-ustin bo‘lib ketadi. Ana o‘sha qiyomat qoim bo‘lganidir.
Ko‘plab hadisi shariflarda qiyomatdan oldin sodir bo‘ladigan katta va kichik hodisalar haqida so‘z yuritilgan. Jumladan, Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Bir kuni suhbatlashib tursak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar va: “Nima haqda suhbatlashib turibsiz?”, dedilar. “Qiyomatni eslab turibmiz”, deyishdi. U zot: “O‘nta alomatni ko‘rmaguningizcha qiyomat bo‘lmaydi”, deb: Tutun (o‘rab kelishi), Dajjolning chiqishi, odamlarga gapiradigan hayvonning chiqishi, Quyoshning mag‘rib (botadigan joyi)dan chiqishi, Iso (alayhissalom)ning yerga tushishi, Ya’juj-Ma’jujning chiqishi, uchta yer yutishi: mashriq, mag‘rib va Arabiston yarim orolidagi yer yutishlarini, Yamandan odamlarni maxshargohga to‘playdigan olovning chiqishini eslab o‘tdilar” (Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ba’zi qiyomat alomatlari aqida kitoblarimizdan ham joy olgan va musulmon kishi imon keltirishi lozimligi ta’kidlanadi. Masalan, “Aqoidi Tahoviya” kitobida bu borada bunday deyiladi:
وَنُؤْمِنُ بِأَشْرَاطِ السَّاعَةِ: مِنْ خُرُوجِ الدَّجَّالِ، وَنُزُولِ عِيسَى ابْنِ مَرْيَمَ عَلَيْهِ السَّلَامُ مِنَ السَّمَاءِ، وَنُؤْمِنُ بِطُلُوعِ الشَّمْسِ مِنْ مَغْرِبِهَا، وَخُرُوجِ دَابَّةِ الْأَرْضِ مِنْ مَوْضِعِهَا.
“Qiyomat alomatlariga: Dajjolning chiqishi, Iso ibn Maryam alayhissalomning osmondan tushishi, Quyoshning mag‘rib (botadigan joyi)dan chiqishi, yer hayvonining chiqishiga imon keltiramiz”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
"U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir" (Nahl surasi, 10-11-oyatlar).