Bir qizaloq taqinchoq do‘koniga kirib sotuvchiga qarab chiroyli zirak ko‘rsatishini so‘radi. Sotuvchi qizaloqqa hayratlangancha qarab turaverdi. Shunda qizaloq bir zirakni ko‘rsatib: “Mana buni chiroyli qilib o‘rab berolasizmi?!”, dedi. Sotuvchi: “Puling bormi?” deb so‘radi.
Qizaloq cho‘ntagidagi bir nechta tangani chiqarib,:“Bor pulim shu, yetadimi?” deb so‘radi. So‘ngra u: “Bilasizmi, men opamga shu zirakni sovg‘a qilmoqchiman. Chunki u onamiz olamdan o‘tganidan keyin bizga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Men opamni xursand qilishni juda xohlardim. Menda bori shu”, dedi pulga ishora qilib.
Bir necha soniyadan so‘ng sotuvchi zirakni chiroyli qutiga solib, qizchaning qo‘liga berdi. U xursand bo‘lganicha uyiga shoshib ketdi.
Bir fursatdan so‘ng do‘konga bir o‘rta yoshli qiz kirib, do‘konchiga o‘sha qizaloq olgan zirakni ko‘rsatib: “Buni sizdan olganmidi?” deb so‘radi. Sotuvchi taqinchoqga qarab: “Ha” deb javob berdi. Qiz taqinchoqni narxi qanchaligini so‘radi. Sotuvchi: “Bu xaridor va mening kelishuvim” deb javob qildi. U: “Singlimda bir necha tanga bor edi. Bu esa judayam qimmatligini bilaman. Bunga pulimiz yetmaydi” deb zirakni qaytarib bermoqchi bo‘ldi.
Shunda sotuvchi: “Singlingiz bor budini berdi. Bu narxni hech kim bera olmaydi”, deya taqinchoqni qizga qaytarib berdi.
Akbarshoh Rasulov tarjimasi
Ijtimoiy tarmoqlarda, afsuski, bolalarning o‘z joniga qasd qilishi, uydan qochib ketishi, jinoyatga qo‘l urishi haqidagi xabarlar ko‘payib bormoqda. Bugun biz ko‘rayotgan kino va seriallarda ham, albatta, bebosh qahramonlar va ularning ayanchli taqdiri namoyish etilmoqda. Ota-onasi bor qizlarning o‘zaro janjali yoki o‘smir yigitlarning pichoqbozligi sabab bir oila yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgani aslida noto‘g‘ri tarbiya oqibati emasmi?
«Ular: “Parvardigoro, xotinlarimizdan va zurriyotlarimizdan bizlarga ko‘z quvonchini baxsh et va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin!” deydigan kishilardir» (Furqon surasi, 74-oyat).
Oilalar bilan suhbatlashar ekanman, ajrimlarga qadar oiladagi nosog‘lom muhit, ayol o‘z dunyosi va haqiqati, erkak o‘z holicha yashayotgani natijasida bolalarga mutlaq befarq, ilmsiz va salomatligida ham nuqsonlar borligini ko‘raman. Biz bolalarni duo qilishni, ularni tinglash va ular bilan suhbatlashishni bilmaymiz. Ular o‘z-o‘zidan tarbiyalanib, katta bo‘lib qolmaydi axir. Ayniqsa, hozirgi murakkab davrda, turli zararli ta’sirlar ko‘paygan bir vaqtda farzandlarimizni sog‘lom fitratda ushlab qolish oson emas.
Bir safar ajrim yoqasidagi oila bilan suhbatlashdik. Ayol va erkak janjal qilar, o‘smir qiz bir chetda o‘yin o‘ynab o‘tirar, ota-onasining bu holati unga ahamiyatsizday edi. Qizig‘i, ular bolaga qaramaslik, undan xalos bo‘lish uchun o‘zaro nizolashar edi. O‘z holiga tashlab qo‘yilgan qiz axloqsiz bo‘lib ulg‘aygan. O‘zlarining tarbiyasi hosilasini “bosh og‘rig‘i” deyishgani bizni yanada ajablantirdi. Bu kabi taqdirlar har birimizni o‘ylantirishi lozim.
Afsuski, ko‘p ota-onalar farzandlariga faqat taqiq qo‘yishadi, tinglashni istashmaydi. Bir voqea butun bir qishloqni larzaga soldi. Maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Sababi esa, qo‘shnisining uyida o‘ynab uning o‘g‘li bilan janjallashgani uchun bolani haqoratlagan, ota-onasiga yomonlagan. O‘z uyidagilar ham bolani eshitishni istashmagan. Buning oqibatida qattiq tushkunlikka tushib, u o‘z joniga qasd qilgan. Bu kabi ko‘plab voqelar ota-onalarni farzand tarbiyasiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi. So‘nggi pushaymon – o‘zimizga dushman.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
«Uch duo rad etilmaydi:
Alloh farzandlarimizni ko‘z quvonchimiz qilsin!
Gulnora IBRAGIMOVA,
Xatirchi tumani “Bog‘ishamol” mahallasi otinoyisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan