Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shahodat ortiq gapirmadi. Bu vaziyatda na gapirgan g‘olib va na jim turgan. Chunki aytilmasa ham, eslatilmasa ham ma’lum holatlar bor. 15 yillik oila uchun yo‘qchilik yangilik emas. Ro‘zg‘orga u kerak, bu kam. Endi butlading, desang maishiy to‘lovlar mo‘ralab turadi. Arang qutildim desang, kimdir kasal bo‘lib, dori-darmon oylikning sho‘rini quritadi. Maktabga pul, bog‘chaga to‘lovni kechiktirmay yetkaziladi. Mabodo, kimdir tug‘ilib, yana kimdir to‘y qilsa, o‘sha oy ro‘za tutishga to‘g‘ri kelib qoladi. Kundalik benzinni umuman istisno qilib bo‘lmaydi. Non yeyishmasa ham, mashinani och qoldirish “gunoh”! Mashinasiz kirakashlik kasod bo‘ladi. Oilaning asosiy ta’minot jabhasi shikastlanadi. Shahodatning sirtqi o‘qishining kontrakti mutlaqo oila xarajatlariga kiritilmagan. Uni to‘lash tugul, o‘ylash odamni azoblaydi-ku… Xullas, birovdan oldin-birovdan keyin.
Shukr-ki, Shahodat Xudo tavfiq va farosat bilan siylagan ayollardan. Boriga shukr, kamiga sabr qiladi. Ertasiga bir tishlam noni qolmasa ham, duo va tavakkulni xayolan qozonga solib, erinmay qaynatadi. Shira tortib ketguncha qaynatadi-da, namagi uchun ikki qatra ko‘z yoshni ham kanda qilmaydi. Bu “mazali taom” ta’mini boylar, o‘ziga to‘qlar qidirib topa olmaydilar. Bunaqa ko‘z yoshlar va duolarga qorishgan “xayoliy taomlar”ni siniq qalb sohiblari qoyillatadilar-da!
Odatiy kunlardan biri edi. Shahodat hamyoniga qaradi. 50 ming so‘m puli qolibdi. Oylikkacha hali ancha bor. Qarzlariga beray desa, urvoq ham bo‘lmaydi. Qachondan beri ko‘nglidan bir gap o‘tadi: “Mana, necha yildan beri bo‘lak yashaymiz. O‘zingdan orttirib, birovga ehson qilishga qurbing yetmaydi. Lekin ehson qilish uchun boy bo‘lish shart emas-ku, to‘g‘rimi? Ozgina narsa ham katta ajr olib kelishi mumkin. Qulog‘imga chalingandi, yaqin kunlarda qaynota otajonim qozon kabobmi, to‘y oshimi, nimadir tansiq taom istab turgandilar-da… Shu bor 50 ming so‘mimni o‘g‘illariga bersam, biror yaxshi taom olib borsalar-u, shu juma adajonni duolarini olsak. Ro‘zg‘or bu 50 bilan na kamayib, na ko‘payib qolmaydi. Duo tagida qolarmidik…”. Kallaga yaxshi fikr kelganda ikkilanmay, otni qamchiladi-da, ishga ketishayotganda turmush o‘rtog‘iga o‘sha oxirgi 50 mingni chiqarib, “kichik ehsoncha” qilishini iltimos qildi. Burhon, sevindi oqila ayolidan. Ham kuyundi qo‘li kaltaligidan. Ha, mayli, shunisiga ham shukr, ko‘p shukr.
Shahodat o‘sha 50 mingni berganidan biram sevindi, biram osmonlarda uchdi-ye. Xuddi osmon ham kulib, dov-daraxtlar qarsak chalganday bo‘ldi. Axir o‘zi muhtoj, ehson olishga eng haqli bo‘lganing bir holatda, ehson qila olish naqadar baxt! Yana ota-onangga-ya.
Bu ko‘tarinkilik Shahodatning ishida ham davom etdi. Kompyuterida hisob-kitobini zohiran xotirjam ko‘rinib bajarsa-da, ruhi tanasiga sig‘may yayrab ketardi.
Xonasi eshigi taqilladi. Uni so‘rashdi. Darrov ishlayotgan hisobotini saqlab qo‘ydi-da, tashqariga chiqdi. Boshqa bo‘limdagi hamkasbi ekan. Uni ko‘rib yana xursand bo‘ldi. Oralarida samimiy do‘stlik, birdamlik bor. Juma kuni to‘g‘ri uni kelib yo‘qlab turibdi. Hamkasbi Shahodatni ortiqcha vaqtini olmadi. Qo‘lini uning qo‘llariga qo‘ydi va bukladi. Ochma va qaytarma degani bu. “Iltimos, buni oling. Yoki sizga, yo bo‘lmasa boshqa qizga berishim kerak edi. Alloh meni to‘g‘ri xonangizga boshladi. Sizga kelaverdim. Bu sizga berib yuborilgan ehson. Bilasiz, kontraktingiz bor. Shuni to‘lash uchun, inshaalloh yetadi”, dedi-da, tezda o‘z bo‘limi tomon yurib ketdi. Shahodat to‘satdan sodir bo‘lgan bu ishdan rahmat, deyishga ham ulgurmadi. Buklangan qo‘llarini ochdi: 500 $ ekan. Haqiqatda kontrakti uchun shuncha pul kerak edi. To‘lash uchun nima qilishini, kimdan qarz olishini bilmay giryon yurgan edi. Ajabo, bunisi qiziq bo‘ldi-ku. Ertalabdan oxirgi 50 mingini ehson qiluvdi. Ko‘p vaqt o‘tib ulgurmasidan, o‘ziga yuz barobar bo‘lib qaytib turibdi-ya! “Yo, Robb, shukr, ko‘p shukr. Ehsonga ilhomlantirganing uchun. Bizni ham, ularni ham, yetkazuvchini ham. Sen shunday Zotsan-ki, yaxshilik va karamda hech kimni o‘zingdan o‘zdirmaysan. Men rahmating qarshisida mast, qudrating oldida lolman”, deya ikki yanog‘i ho‘l bo‘ldi. Ich-ichidan berganni ham, yetkazganni ham duo qildi. Ularni ota-onalarini alohida esladi…
Bunday voqealar hayotimizda har qadamda uchrab turadi. Qahramonlarni ehtimol siz ham tanirsiz. Goho oluvchi, goho beruvchi, goho kuryer qiyofasida namoyon bo‘lasiz. Bering, kam deb hisoblamang. Berolmasangiz beruvchilarni yo‘llab qo‘ying. Siz bilgan muhtojlarni ular bilmasligi mumkin. Alloh taolo nazdida ehsonni katta-kichigi bo‘lmaydi. Axir 50 mingni tanlarmidingiz yoki 500 $ !?
TII “Hadis va Islom tarixi fanlari” kafedrasi
katta o‘qituvchisi N.Saidakbarova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz