Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446
Maqolalar

INЕRNЕTDAN FOYDALANISH ODOBLARI

07.11.2024   3861   5 min.
INЕRNЕTDAN FOYDALANISH ODOBLARI

Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya’ni internet bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo‘yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.

Internet haqida odamlarning fikri turlicha, ba’zilar uni ijobiy baholashsa, ba’zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televideniye, radio kabi bir vosita. Muhimi undan qanday foydalanishda. Uni yaxshilikka ham, yomonlikka ham ishlatish mumkin. Demak, eng muhim vazifamiz, internetdan g‘arazli maqsadda foydalanayotganlarga, ayniqsa, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir.

Quyida dinimiz ta’limotlariga uyg‘un holda internetdan foydalanish odoblarini bayon qilamiz:

  • Niyatni yaxshi qilish.

Yaxshi niyat – dinimizdagi eng go‘zal asoslardandir. Hatto bir qaraganda oddiy bo‘lib ko‘ringan ishlar ham yaxshi niyat bilan ibodatga aylanadi. Xuddi shunday internetdan foydalanishda ham dinimiz qoidalariga muvofiq ish qilishni niyat qilgan kishi, ishi bitishi bilan birga savobga ham ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) shunday deydilar: “Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir…” (Imom Buxoriy rivoyati).

  • Internetdan olinadigan va tarqatiladigan barcha ma’lumotlar shariatimiz ko‘rsatmasiga mos bo‘lishi darkor.

Internet ham xilvat joy hukmida bo‘lganidan, odamlar orasida qilmaydigan ishlarimizni, yolg‘iz qolganda ham o‘zimizga ravo ko‘rmasligimiz kerak. Alloh taolo bizni doim kuzatib turganini his qilishimiz lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur” (G‘ofir surasi, 19-oyat).

  • Internetdan foydalanayotganda bolalarni qarovsiz qoldirmaslik lozim.

Internetda bolalarimiz kim bilan muloqot qilmoqda, kimlar bilan do‘stlashmoqda – bu nihoyatda muhim. Chunki hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Yaxshi hamroh va yomon hamrohning misoli atir sotuvchi va temirga dam uruvchi kabidir. Atir sotuvchi yo senga xushbo‘ylik surtib qo‘yadi yo undan xushbo‘ylik sotib olasan yo undan kelayotgan xushbo‘y hiddan bahra olasan. Temirga dam uruvchi esa yo kiyimingni bir chetini kuydirib qo‘yishi mumkin yo undan kelayotgan qo‘lansa hid dimog‘ingni achitadi” (Imom Muslim rivoyati).

Internetdan foydalanishda yana bir jihat bor, ya’ni ikki va undan ortiq kishilar orasidagi virtual aloqalar. Bunga chat, forum, feysbuk, telegram, instagram va tvitterlarni misol qilish mumkin. Bugungi kunda mana shu sohadagi xato-kamchiliklarimizni isloh qilishga juda muhtojmiz. Chunki jamiyat, din, oila va shaxsga bo‘layotgan aksariyat tahdidlar mana shu virtual aloqalar orqali ro‘y bermoqda. Quyida bu borada eng muhim bo‘lgan odoblarga to‘xtalamiz:

  • Internetdagi o‘zaro aloqalarda ham dinimizdagi umumiy qoidalarga rioya etish, man qilinganlaridan saqlanish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlar g‘iybatchilar “javlon” uradigan maydon bo‘lib qolmasin. Bu borada ham bir inson aql bilan fikr yuritishi lozim bo‘ladiki, erta qiyomatda pushaymon bo‘lib qolmasin. Doimo yaxshi gumon, bag‘rikenglik va chiroyli xulqni mahkam tutsin.

            Husni xulq haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rqqin, yomonlikka yaxshilikni ergashtirki, yomonlikni yuvib ketadi, odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qil (Imom Termiziy rivoyati).

Ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini haqorat qilish holatlari kuzatilmoqda.

HIKOYA. Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi, so‘ng chiqib ketdi. Uketganidan keyin Oisha onamiz roziyallohu anho: "Agar bu ayolning bo‘yi past bo‘lmaganida u qanday ham go‘zal va chiroyli bo‘lardi", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey oisha, seni uni g‘iybat qilding", dedilar. Oisha onamiz: "Men unda bor (rost) narsani aytdim-ku", dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sen unda bor narsani aytganing uchun g‘iybat bo‘ldi, unda yo‘q (yolg‘on) narsani aytsang, bo‘hton qilgan bo‘lar eding", dedilar. Shuning uchun bizlar bunday gap-so‘zlardan ehtiyot bo‘lishimiz darkor.

  • Internet orqali o‘zga jins vakillari bilan muloqotda nomahramlik masalasiga juda ehtiyot bo‘lish shart.

            Mana shu masalaga beparvolik ko‘plab muammolarga sabab bo‘lmoqda.
 Masalan : Erkakka kelgan xatlar xotinning qo‘liga tushib yoki er xotinning begona erkaklar bilan yozishmalarini topib olgan xolatlar yo Oila qurmagan  yosh yigit – qizlarning Ijtimoiy tarmoqdagi yozishuvlari sababidan to‘ydan so‘ng oilalarda halovat yo‘qolib, nikohning buzulishigacha bormoqda.

            Bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan unumli foydalanib, dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir. Har bir musulmon hayotda umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lsa, internetdan foydalanishda ham shu asoslarga rioya etishi shart. Aks holda, turli gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va zararli oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish burchimizdir.

 

Manbalar asosida tayyorlandi

Ma’rufxon ALOXODJAYEV,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   4910   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA