Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir kishi aytadi: "Bir kuni men boltamni yo‘qotib qo‘ydim. Menga qo‘shnim boltani o‘g‘irlagandek tuyuldi. Gumonimni tasdiqlash uchun uni diqqat bilan kuzatdim. Uning yurishi xuddi boltamni o‘g‘irlagan odamning yurishiday ko‘rindi. Gapirish tarzi ham, hamma harakatlari boltamni o‘g‘irlagan kishining harakatidek tuyulaverdi.
O‘sha kecha bolta qayg‘usida uyqum kelmadi, tuni bilan uyg‘oq qolib, qo‘shnimni o‘g‘ri ekanligini qanday qilib aniqlasam ekan, deb o‘ylanib chiqdim. Erta tongda tursam boltam topilib qoldi. Kichik o‘g‘lim boltani ustiga po‘stinni tashlab qo‘ygan ekan. Keyin qo‘shnimga qarasam, u boltamni o‘g‘irlagan odamga o‘xshamay qoldi. Na yurishi, na gapirishi, na boshqa hatti-harakatlari boltani o‘g‘irlagan kishinikiga o‘xshamaydi. U ko‘zimga butunlay beayb, begunoh odam bo‘lib ko‘rindi.
Shundagina tushundimki, aslida mening o‘zim o‘g‘ri ekanman. Qo‘shnimning beozorligi va ishonchini o‘g‘irlab, uning sha’niga dog‘ tushirdim. Qolaversa, o‘z hayotimdan bir kechani o‘g‘irladim, uni begunoh odamni ayblash yo‘lini axtarish bilan o‘tkazdim.
Ichidan bulg‘angan odam atrofida toza, begunoh insonlar borligini tushunib yetmas ekan...".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz