Cavol: Saharlik qilib, ro‘za tutgan ayol iftordan oldin, masalan, peshin vaqtida hayz ko‘rib qolsa, kechgacha o‘zini ro‘zador kabi turishi kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ro‘zador holdagi ayolning ko‘rgan qoni hayz ekani aniq bo‘lsa, iftorgacha ro‘zador holda turmaydi. Chunki u hayz ko‘rishi bilan ro‘zasi ochilib ketadi va unga yeb-ichishi joiz bo‘ladi. Ammo buni oshkora qilmaydi. Iftorgacha hech nima yeb-ichmayman deb, yemay-ichmay yurishi to‘g‘ri emas. Jumladan, “Hoshiyatut Tahtoviy”da bunday deyilgan:
“(Ro‘zador) ayol hayz yoki nifos ko‘rib qolsa, og‘zi ochiladi va qazosini tutib beradi. U o‘zini uzrli kishilarga o‘xshatishi shart emas. Chunki bunday ayolning ro‘za tutishi harom bo‘lib, haromga o‘xshatishlik ham haromdir. Kunning bir qismida musofir o‘z shahriga yetib kelsa, kasal tuzalib qolsa, majnun hushiga kelsa, hayzli, nifosli ayol pok bo‘lib qolsa, bularning barchasi yeb-ichishdan tiyilib turishi vojibdir. Sahih gap mana shu”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#xabar #elon #modul #magistratura
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun Toshkent islom instituti magistratura bosqichi va modul ta’lim tizimiga talabgorlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini ma’lum qiladi:
Modul ta’lim tizimiga 2025 yil 1 iyuldan 20 iyulgacha;
Magistratura bosqichiga 2025 yil 1 iyuldan 30 iyulgacha.
Xorijiy davlatlardagi oliy diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining magistratura bosqichiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan talabgorlar Qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
oliy diniy ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi).
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan talabgorlar Qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi asl nusxada;
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
ish joyi bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilidan tavsiyanoma;
mehnat daftarchasi nusxasi (tasdiqlangan holda).
Eslatib o‘tamiz: Modul ta’lim tizimiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini tamomlagan hamda to‘rt yil va undan ortiq muddat davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblari tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
MUSLIM.UZ GA OBUNA BO'LING (https://t.me/+PSOPDevNs2Va-wt7) VA ULASHING (https://telegram.me/share/url?url=https://t.me/muslimuzportal)
YouTube (https://www.youtube.com/@Muslimuzz/featured) | Instagram (https://www.instagram.com/muslimuzportali/) | Facebook (https://www.facebook.com/muslimuzportal)