Cavol: Saharlik qilib, ro‘za tutgan ayol iftordan oldin, masalan, peshin vaqtida hayz ko‘rib qolsa, kechgacha o‘zini ro‘zador kabi turishi kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ro‘zador holdagi ayolning ko‘rgan qoni hayz ekani aniq bo‘lsa, iftorgacha ro‘zador holda turmaydi. Chunki u hayz ko‘rishi bilan ro‘zasi ochilib ketadi va unga yeb-ichishi joiz bo‘ladi. Ammo buni oshkora qilmaydi. Iftorgacha hech nima yeb-ichmayman deb, yemay-ichmay yurishi to‘g‘ri emas. Jumladan, “Hoshiyatut Tahtoviy”da bunday deyilgan:
“(Ro‘zador) ayol hayz yoki nifos ko‘rib qolsa, og‘zi ochiladi va qazosini tutib beradi. U o‘zini uzrli kishilarga o‘xshatishi shart emas. Chunki bunday ayolning ro‘za tutishi harom bo‘lib, haromga o‘xshatishlik ham haromdir. Kunning bir qismida musofir o‘z shahriga yetib kelsa, kasal tuzalib qolsa, majnun hushiga kelsa, hayzli, nifosli ayol pok bo‘lib qolsa, bularning barchasi yeb-ichishdan tiyilib turishi vojibdir. Sahih gap mana shu”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir jamoa borki, Alloh taolo ularni O‘z tavfiqi ila qo‘llagan va ularni dunyoning o‘zidayoq izzat-ikrom qilgan. Ularning yuzlari nurli, peshonalari yaltiragan va vaqtlari barakalidir. Siz ham ana o‘sha jamoaning bir a’zosi bo‘ling va Allohga ko‘p hamd ayting. Allohdan sizni ham o‘sha jamoaning bir vakiliga aylantirishini so‘rab duoyu iltijolar qiling.
Ular fajr ahlidir... Ular bomdod namozini masjidda jamoat bilan ado etishga ishtiyoqlari baland bo‘lganlardir. Ularning tong-saharlab qiladigan amallari qanday ham go‘zal! Ularga farishtalar guvoh bo‘ladi. Bomdodni jamoat bilan o‘qigan kishi go‘yo tunning barini ibodat bilan o‘tkazgan hisobidadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xuftonni jamoat bilan o‘qisa, tunnig yarmida ibodat qilganday bo‘ladi. Bomdodni ham jamoat bilan ado etsa, tunning barini ibodat bilan o‘tkazgan kabidir”[1], deganlar.
Bu ishga shoshilish, harakatda bo‘lish jannat sari yetaklaydi. Bomdoddan keyingi vaqtga baraka yog‘iladi. Nabiy alayhissalom: “Yo Alloh! Ummatimning sahargi vaqtiga baraka ber”[2], deya duo qilganlar.
Fajr ahli – ular Alloh tomon chorlayotgan jarchining: “Namozga keling... Najotga keling...” degan chaqirig‘iga “Labbay” deyayotgan kishilardir. “Namoz uyqudan yaxshiroqdir...” degan iborani eshitganlari zamon hushyor tortgan va bandalik hissini anglab yetganlarga Allohning salomi bo‘lsin! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qorong‘u paytlari masjid tomon yurib boradigan kishilarga qiyomat kunidagi mukammal nurning xushxabarini beringlar”[3], deganlar.
Ey fajr ahli! Ulkan ajr ila musobaqada o‘zib ketdingiz. Dunyo matohlariga, nafsiga ergashganlarga havas ko‘zi bilan boqmang. Chunki ularda havas qilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Undan ko‘ra sizlarga beriladigan Allohning fazli va rahmatidan suyuninglar, xursand bo‘linglar.
Ey fajr ahli! Jannatda Allohning jamolini ko‘rish baxti muborak bo‘lsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yaqinda sizlar shu oyni ko‘rganlaringiz kabi Robbingizni tiqilinchsiz ko‘rasizlar. Quyosh chiqishidan oldingi va botganidan keyingi namozni qo‘ldan boy bermaslikni uddalay olsangiz, shunday qilinglar!” dedilar. Keyin esa: “Quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Robbingizga hamd bilan (Unga) tasbeh ayting (namoz o‘qing)!..»[4] oyatini o‘qidilar[5].
Ey fajr ahli! Odamlar mol-dunyo, xotinlar bilan chalg‘iganda, siz vaqtda baraka, tetiklik hamda jannat mukofoti ila uyga qaytishga rozi bo‘lasizmi?!
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Quyosh chiqishi va botishidan avval namoz o‘qigan kishi hech qachon jahannamga kirmaydi”[6], deganlar. Bu hadisda aytilgan vaqtlardagi namoz bomdod va asrdir.
Ey fajr ahli! Sizlar Allohning hifzu himoyasidasiz. Jonlaringiz xush, jasadlaringiz bardam... Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bomdod namozini o‘qisa, u Allohning himoyasidadir”[7].
Boshqa bir hadisda esa ushbu ma’nolar mujassam: “Kim g‘aflat uyqusida bo‘lsa, shayton uning gardaniga uchta tugun tugadi va har bir tugunga: “Hali tun uzoq, yotaver!” deya dam uradi. Kishi uyqudan tursa va Allohni yodga olsa, bitta tugun yechiladi. Tahorat olganida yana bitta tugun yechiladi. Namoz o‘qisa, oxirgi tugun ham yechiladi. Keyin boyagi odam tetik bo‘lib qoladi. Tugunlar yechilmay shu holda qolsa, odam tuban bo‘lib, dangasaga aylanadi”[8].
Fajr ahlining safiga qo‘shiling! Allohning zimmasida bo‘lasiz. Yaxshi kishilar daftariga nomingiz bitib qo‘yiladi. Saodatni qo‘lga kiritasiz va munofiqlikdan omonda bo‘lasiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Munofiq kimsalarga xufton va bomdoddan-da og‘irroq namoz yo‘q. Agar ular bu namozlar o‘z ichiga nimalarni yashirganini bilishganida edi, emaklab bo‘lsa ham kelishgan bo‘lishardi”[9], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Muslim rivoyati.
[2] Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyati.
[3] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[4] Toho surasi, 130-oyat.
[5] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.
[6] Imom Muslim rivoyati.
[7] Imom Muslim rivoyati.
[8] Muttafaqun alayh.
[9] Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati.