Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Payg‘ambarlar, solih zotlarning qayg‘u vaqtidagi duolari (1 qism)

08.11.2024   5235   4 min.
Payg‘ambarlar, solih zotlarning qayg‘u vaqtidagi duolari (1 qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir qiz aytadi:

«Mahzun bo‘lgan paytlarim o‘zimni ojiz, nochor his qilardim. Bu qayg‘ularga sabr qilishga kuch topa olmasdim. Shuning uchun ruhan yengilib, dardlarim battar ko‘payar, qalbim chilparchin bo‘lardi. Bir kuni o‘zimga o‘zim savol berdim: «Payg‘ambarlarga, solih zotlarga ham musibatlar kelgan-ku, ular qanday sabr qilishgan ekan? Axir ularga kelgan musibatlar oldida bizning musibatlarimiz hech narsa emas-ku?»

Bu savollarning javobini uzoq qidirdim. Bir kuni bir olimning sabr haqidagi ma’ruzasini eshitib qoldim. Musulmon odam musibatlarga chidash, qayg‘ularga qarshi kurashish uchun Allohdan sabr so‘rashi kerak ekan. Solih podshoh Tolutning mo‘min do‘stlari zolim Jolut va uning son-sanoqsiz qo‘shiniga ro‘baro‘ bo‘lganlarida shunday qilishgan ekan:

«Robbimiz, ustimizdan sabr yog‘dirgin, qadamlarimizni sobit qilgin, bizga kofir qavmlar ustidan nusrat bergin» (Baqara surasi, 250-oyat).

Alloh ularning duosini ijobat qildi:

«Allohning izni bilan ularni tor-mor qildilar» (Baqara surasi, 251-oyat).

Fir’avnning sehrgarlari ham Muso alayhissalomga berilgan mo‘jizani ko‘rib, Allohga iymon keltirishdi. Jazavaga tushgan Fir’avn g‘azab ustida ularni o‘ldirmoqchi bo‘lganida ular shunday duo qilishdi:

«Robbimiz, ustimizdan sabr yog‘dirgin, bizni musulmon holimizda vafot ettirgin» (A’rof surasi, 126-oyat).

Ular iymonda mustahkam turish uchun Allohdan sabr so‘rashdi, duolari ijobat bo‘lib, Allohning fazli bilan shahid bo‘lishdi.

Shularni anglaganimdan keyin musibatga uchragan, qayg‘uga tushgan paytlarimda mana shu duolarni aytib, Allohga yolvoradigan bo‘ldim.

Bu duolarni birpasda yaxshi ko‘rib qoldim, ular qalbimning to‘ridan joy olib, hayotimni o‘zgartirib yubordi. Shunday qilib, o‘ziga ishonchi yo‘q, ruhan zaif qiz edim, Alloh meni musibatga, qayg‘ularga sabr qilishim uchun, mustahkam bo‘lishim uchun o‘zgacha bir quvvat berdi».


Yana bir qiz shunday yozadi:

«Dard-alamlarim bilan bog‘liq ajoyib voqea bo‘ldi. Bir kuni eng yaqin dugonam ko‘nglimni yomon og‘ritdi. Uyga nihoyatda tushkun holatda qaytdim. Men uchun hayotning hech qanday qiymati qolmagandek edi. Xonamda yig‘lab o‘tirsam, otam ko‘rib qolib, «Nega yig‘layapsan, qizim?» dedi. «Xafaman!!! Nima qilishni bilmayapman!» dedim.

Otam tabassum qilib, shunday dedi: «Senga zo‘r gap aytaman. Mana ko‘rasan, u senga yoqadi. Alloh senga mana shu muammoingda ham, hayotingda duch keladigan boshqa muammolarda ham foyda beradi. Qani, Qur’oni Karimni ol-chi. Ko‘raylikchi, payg‘ambarlar boshiga musibat tushganda nima qilgan ekan. Ulardan o‘rnak olmasak, kimdan olamiz? Shoyad Alloh taolo ularni ikrom qilganidek, bizni ham ikrom qilsa! Qur’ondan shu haqda nechta qissa, duo topsang, shuncha mukofot beraman».

Otamning taklifi menga rosa yoqib tushdi. Boshqa yo‘l ham qolmagan edi. Mukofotga ham qiziqib qoldim. Bir necha kun ichida Qur’ondan to‘rtta duo topdik Payg‘ambarlar, solih zotlar musibat kelganda mana shularni aytib, duo qilishgan ekan, shu duolardan keyin ularga kushoyish berilgan ekan.

Birinchi duo:

«O‘zingdan o‘zga iloh yo‘q, O‘zing poksan! Men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim» (Anbiyo surasi, 87-oyat).

Yunus alayhissalomni bahaybat baliq yutib yuborganda shu duoni takrorlaganlar, shunda Alloh u zotni qutqarib, g‘am-qayg‘ularini aritgan. Mo‘min-musulmonlar ham ishonch, ixlos bilan shu duoni o‘qisa, ularning ham g‘am-tashvishlari arishi haqida Alloh taolo va’da bergan:

«Zunnunni eslang. O‘shanda u (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan) chiqib ketgan edi. Bizni o‘ziga (yer yuzini) tor etmas, deb gumon o‘ylagan edi. So‘ng zulmatlar ichra «O‘zingdan o‘zga iloh yo‘q, O‘zing poksan! Men o‘zimga zulm qilib qo‘ydim», deb nido qildi. Biz bu duoni ijobat qildik, unga g‘amdan najot berdik. Biz mo‘minlarga ana shunday najot berurmiz!» (Anbiyo surasi, 87-88-oyatlar).

 

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

16.06.2025   4360   1 min.
Masjidul haromda uxlasa, tahorati sinmaydimi?

Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.

Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?


Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.

Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.

Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.

Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.