Millatlararo totuvlik, diniy konfessiyalar o‘rtasida bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida muhim o‘rin egallaydi.
Mamlakatimiz hududida yashovchi turli millat va elatlarning tili, urf-odati va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.
Davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdir.
Mazkur muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab 11–16 noyabr kunlari “Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazmoqda.
Haftalik davomida turli madaniy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Haftalik doirasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media markazida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Shu kunning o‘zida Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tadi.
Tadbir doirasida 12 noyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad yurtimizda diniy erkinlik va millatlararo munosabatlarning barqarorligini keng jamoatchilikka yana bir bor namoyish etish va shu qadriyatlarni saqlab rivojlantirishdan iborat.
13 noyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Yangi O‘zbekiston kitob va kutubxonadan boshlanadi” nomli qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari kitoblari ko‘rgazmasining ochilish marosimi tashkil etiladi. Tadbirning asosiy maqsadi yosh avlod ongiga Vatanga muhabbat va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularni kitobxonlikka faol jalb qilishdan iborat.
14 noyabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyidagi fotoko‘rgazma hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari kitoblari ko‘rgazmalariga talaba-yoshlar tashrifi belgilangan.
15 noyabrda Toshkentdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida dinlararo va millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mahalliy fuqarolar va xorijlik hamkorlarni “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Diniy bag‘rikenglik» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ko‘krak nishoni bilan atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalarning vakillari, xorijiy arboblar va olimlar taqdirlanadi.
Bayram munosabati bilan bir guruh hamyurtlarimiz “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Tadbirga turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa diniy konfessiya vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, yurtimizda millatlararo do‘stlik va diniy bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz hamda OAV vakillari taklif etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyida O‘zbekiston madaniyat va san’at ustalari ishtirokida “Bag‘rikenglik ohanglari” nomli gala-konsert bo‘lib o‘tadi. Konsert davomida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni tarannum etuvchi musiqiy chiqishlar namoyish etiladi.
16 noyabr kuni haftalikning yakuni ham qiziqarli uchrashuv va muzokaralarga boy bo‘ladi. “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Konferensiya Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Din ishlar bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladi.
Bugungi kunda insoniyat turli geosiyosiy va mafkuraviy kurashlar, terrorizm, ekstremizm, fundamentalizm, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar girdobida – murakkab vaziyatda yashamoqda. Konferensiya ishida bunday sharoitda har bir davlatning milliy yaxlitligini saqlash, jamiyatni ma’naviy-axloqiy sog‘lomlashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy o‘zlikni anglash ruhida tarbiyalash va boshqa dolzarb masalalar muhokama etiladi.
Haftalik doirasida respublikaning barcha hududlarida joriy yilning 11-16 noyabr kunlari ko‘plab tadbirlar o‘tkaziladi. Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Milliy an’ana va udumlar” ko‘rgazmalari, “Bag‘rikenglik mening nazdimda” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovlari, “Mening bag‘rikeng dunyom” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari va bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi she’rxonlik kechalarini o‘z ichiga olgan “Bag‘rikenglik” festivali o‘tkaziladi.
Davlat oliy ta’lim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti”, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzularida davra suhbatlari, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari hududlaridagi xiyobon va sayilgohlarda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida madaniy tadbirlar, qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar orqali o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, mehmondo‘st va tinchliksevarligi hamda buyuk ajdodlar merosiga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar namoyishi ko‘zda tutilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Bag‘rikenglik haftaligi” do‘stlik, ezgulik, hamjihatlik bayrami sifatida yuqori saviyada bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati