«Vaqf» xayriya jamoat fondining Farg‘ona viloyati filiali fidoiy volontyorlar guruhi, saxovatpesha homiylar hamrohligida Qo‘shtepa tumanida yashab kelayotgan boquvchisi yo‘q oilaning mushkulini oson qilishdi. Ko‘p yillardan buyon bir xonali uyda, og‘ir sharoitalarda yashab kelayotgan oilaga barcha sharitlarga ega, to‘liq jihozlangan hovli-joy yangidan qurib berildi.
Mehmonxona, yotoqxona, oshxona va hamomdan iborat bu yangi uy ona va uning uch nafar farzandi uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin. Shuningdek, mazkur oilaga homiylar tomonidan kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, pishiriq pechi va kitoblar ham hadya qilindi. Yana bir ko‘ngilni ravshan qiladigan jihati, oila bir-necha yillardan buyon ichimlik suvidan qiynalar, uni ancha olisdan tashib kelib iste’mol qilishardi. Endilikda bu muammo ham hal etildi. Ikki kilometrdan toza ichimlik suvi quvuri tortib kelindi. Shuningdek, hovli etagi asfaltlanib, mahalla ko‘chasiga shag‘al yotqizildi.
Yangi hovli-joyni o‘z egalariga topshirish marosimida «Vaqf» xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari o‘rinbosari Jahongir Salamov, fondning Farg‘ona viloyati filiali rahbari Baxtiyor Qirg‘izov, Qo‘shtepa tumani hokimi A.Abdullayev va boshqalar ishtirok etishdi. Mazkur oilaga, yurtimizga tinchlik-omonlik, fayz-baraka, faravonlik tilab duoyi xayrlar qilishdi.
Bir ehtiyojmand, boquvchisi yo‘q oilaga xursandchilik ulashgan saxovatpesha homiylarimizdan, fidoiy volontyorlarimizdan Alloh taolo rozi bo‘lsin! Bu ezgu amallari uchun ularni O‘zi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.
Imkon borida ehson qilishga shoshiling. Telefoningizdan osongina ehson qiling.
Vaqf.uz
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati