O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov bu borada quyidagicha fikr bildirdi:
– Bag‘rikenglik masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Dunyodagi ayrim o‘ziga xos kelishmovchiliklar, nizoli, qon to‘kishli holatlarni afsuski, barchamiz ko‘rib turibmiz. Shunday vaziyatda tinchlik, bag‘rikenglik, xotirjamlikning nechog‘li muhim va dolzarb ekani ko‘rinib turibdi.
O‘zbekistonda qadimdan turli millat va diniy konfessiya vakillari inoqlikda istiqomat qilib kelgani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu diyor o‘zining bag‘rikengligi, saxovati, mehmondo‘stligi bilan butun dunyoda nom qozongan.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi barqaror, tinch va osoyishta muhit butun mintaqaga o‘zining ijobiy ta’sirini o‘tkazib kelayotgani ko‘p e’tirof etilayotgan mavzulardan biridir. Zero, mamlakatimizdagi tinchlik va xotirjamlik, osuda hayot aynan bag‘rikenglik tamoyillari bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki inson boshqalarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lsa, kechirimlilik fazilatiga ega bo‘lsa, unda do‘stona yashash ko‘nikmasi shakllanganidan darak beradi. O‘zbek xalqining qonida shunday fazilatlarning borligi e’tiborga molikdir. Prezidentimizning bugungi olib borayotgan siyosati ham aynan bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangani bilan ahamiyatga molikdir.
Davlatimiz rahbari BMTning 72-sessiyasida yuqori minbarlardan turib,“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdilarki, bu tashabbusni 200 ga yaqin davlat yakdillik bilan qabul qildi. Bu O‘zbekistondagi tinchlik, xotirjamlik, bag‘rikenglik masalalari bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu jihatlarni jahondagi barcha davlatlar yuksak e’tirof etayotganini ham albatta, ta’kidlash kerak bo‘ladi.
Mamlakatimizda ko‘plab diniy yo‘nalishdagi ta’lim maskanlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, hamyurtlarimizning muborak Haj va Umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun davlatimiz rahbari tomonidan barcha sharoitlar to‘liq yaratilgan. Bu yilning o‘zida 15 ming nafardan ortiq fuqarolar Haj va Umra amallarini bajardi. Aslida bag‘rikenglik, o‘zgalarni hurmat qilish, qadrlash borasidagi ezgu ishlar, diniy konfessiyalararo bag‘rikenglikka doir sa’y-harakatlar amaldagi qonunchilikka rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.
Turli dinlarga e’tiqod qiluvchi odamlar O‘zbekistonga bemalol kelib, bu yerdagi tinchlik, osoyishtalik, millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi ahillikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasidagi ezgu ishlarga juda yuqori baho bermoqdalar. Ayni paytda diniy-ma’rifiy adabiyotlarni chop etish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Bag‘rikenglik, o‘zgalarni hurmat qilish va qadrlash borasidagi ezgu ishlar, barcha sa’y-harakatlar qonunchilik doirasida amalga oshirilayotgani e’tiborga molikdir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV