2024 yil 13-20 noyabr kunlari Quvayt davlatida 13-xalqaro Qur’on musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada "Ko‘kaldosh" bilim yurti 4-kurs talabasi Fayzullohxon qori Hamidov ishtirok etadi.
Hamyurtimiz xalqaro Qur’on musobaqasiga ertaga, 12 noyabr kuni Quvayt shahriga jo‘nab ketadi.
Shu munosabat bilan Fayzullohxon qori bugun 11 noyabr kuni "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limiga kelib, bo‘lim mudiri ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Mahdumdan kerakli ko‘rsatma va xayrli duolarni oldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abul Fazl Abbos ibn Faraj Riyoshiy Basriy hikoya qiladi: “Asma’iy (asl ismi Abdulmalik ibn Qariyb ibn Abdulmalik ibn Ali Asma’iy Abu Sa’iyd Basriy bo‘lib, 216 hijriy sanada, to‘qson yoshga yaqinlashib vafot etgan deyiladi)ni bunday deyayotganini eshitdim:
“Bir kuni Basradagi masjiddan chiqib, shahar ko‘chalarida ketib borayotsam, ro‘paramdan tuya minib, beliga qilich osib, qo‘liga kamon ushlab olgan a’robiy chiqib qoldi. Yaqinlashib, menga salom berdi. Mendan: “Qayerdansan?” deb so‘radi. “Asma’ urug‘idanman” deb javob berdim. U: “Asma’iymisan?” dedi. Men: “Ha, shunday” dedim. U: “Qayerdan kelyapsan?” deb so‘radi. Men: “Rahmonning Kalomi tilovat qilinadigan joydan”, deb javob berdim. U mendan: “Rahmonning odamlar tilovat qiladigan Kalomi bormi?” deb so‘radi. Men: “Ha, bor” deb javob berdim. “Menga o‘shandan tilovat qilib ber!” dedi u. Men unga: “Tuyangdan tush!” dedim. U tuyasidan tushdi. “Zariyat” surasining boshidan tilovat qila boshladim. Alloh taoloning:
وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ
“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy mendan “Ey Asma’iy, bu Rahmonning Kalomi-mi?” deb so‘radi. Men: “Ha, shunday. Muhammadni haq ila xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yuborgan Zotga qasamki, bu Uning Kalomi! U Zot buni Muhammadga nozil qilgandir”, dedim. A’robiy menga: “Shu kifoya qiladi” dedi.
Keyin tuyasining oldiga borib, uni so‘ydi. Go‘shtini bo‘laklarga bo‘lib, menga: “Bu yoqqa kelib, bu go‘shtlarni tarqatishga yordamlashib yubor!” dedi. Keyin bo‘lingan go‘shtdan o‘tgan-ketgan kishilarga tarqatib chiqdik. So‘ngra qilichini va kamonini qo‘liga olib, ularni sindirdi. Siniqlarni qum ostiga yashirdi.
Keyin sahro ichkarisiga qarab yurib ketdi. Ketar ekan, “Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatini o‘qib borar edi. Bu holatni ko‘rgach, o‘zimni malomat qila boshladim. “Nega a’robiy ta’sirlanganda, qalbiga yetib borganda, sen ta’sirlanmading?!” dedim.
Keyingi yili Hajga borganimda, Makkaga kirdim. Ka’bani tavof qilib turganimda, kimdir past, muloyim ovozda meni chaqirdi. O‘girilib qarasam, o‘sha a’robiy turibdi. Menga salom berdi. Qo‘limdan tutdi-da, Maqomi Ibrohimning orqasiga boshlab bordi. Keyin meni o‘sha yerga o‘tqizib qo‘yib, “Menga Rahmonning Kalomini tilovat qilib ber!” dedi. Men yana “Zariyat” surasini boshidan boshlab o‘qidim. Alloh taoloning:
وَفِي السَّمَاء رِزْقُكُمْ وَمَا تُوعَدُونَ
“Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsalar (bor)” oyatiga yetganimda, a’robiy qichqirib yubordi va: “Robbimiz bizga va’da qilgan narsani haqiqatda topdik, ko‘rdik” dedi. Keyin mendan: “Bundan boshqa Kalomi ham bor-mi?” deb so‘radi. Men: “Ha, Alloh taolo bu oyatning davomida:
فَوَرَبِّ السَّمَاء وَالْأَرْضِ إِنَّهُ لَحَقٌّ مِّثْلَ مَا أَنَّكُمْ تَنطِقُونَ
“Osmonu yerning Robbisi ila qasamki, albatta, u (gap) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir” deb marhamat qilgan” dedim. Shunda a’robiy shunaqa qattiq qichqirdiki, “Subhanalloh! Buyuk Allohni kim g‘azablantirdiki, hatto U Zot Kalomini qasam ila ta’kidlayapti. Bandalar Uning Kalomini tasdiqlamaydilar-mi? Uning Kalomiga ishonmaydilar-mi? U Zot Kalomi haqligini ta’kidlash uchun qasam ila gapiryapti” deb uch marta takrorladi. Uchinchi marta gapirdiyu, o‘sha onda joni uzildi”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitoblaridan