Cavol: Men Polshada o‘qiyman. Polyaklar mol yoki qo‘y so‘yganda "Bismillah"ni aytishmaydi, ushbu davlatda yurgan musofir birodarlarga nima maslahat berasiz?
Javob: Bismillahir rohmanir rohim. Siz o‘qiydigan joyda asosan nasroniylar yashaydi va ularni dinimizda ahli kitoblar, deb ataladi. Ulamolarimiz ahli kitoblar o‘z dinlari ko‘rsatmasiga muvofiq so‘ygan jonliqni yeyish joizligiga ittifoq qilishgan. Bunga Alloh taoloning quyidagi oyati dalil bo‘ladi:
الْيَوْمَ أُحِلَّ لَكُمُ الطَّيِّبَاتُ وَطَعَامُ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حِلٌّ لَكُمْ وَطَعَامُكُمْ حِلٌّ لَهُمْ
“Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir” (Moida surasi, 5-oyat).
Ibn Abbos, Abu Umoma, Mujohid va boshqa e’tiborli olimlar raziyallohu anhum: “Ularning taomlari so‘ygan jonliqlaridir”, deganlar (“Tafsiri ibn Kasir” kitobi).
Ahli kitoblar so‘ygan hayvonlar, avvalambor musulmonlarga halol bo‘lgan sigir, qo‘y va tovuq kabi jonivorlar bo‘lishi kerak. Keyin esa, jonliq so‘yish borasidagi o‘z dinlari ko‘rsatmasiga amal qilgan bo‘lishlari, jonliqni bo‘g‘izlayotganda Alloh taoloning nomini tilga olishlari lozim.
Ahli kitoblarning Allohning ismini aytmasdan so‘ygan jonliqlarini yeyish halol emas.
So‘yilayotgan hayvon bo‘g‘ib, yo urib o‘ldirilsa, ularning go‘shti halol bo‘lmaydi. Hayvonning 2 ta katta qon tomiri, taom yo‘li va havo yo‘lini kesish va qonini oqizish yo‘li bilan so‘yilsa, bizga halol bo‘ladi.
Agar nasroniy jonliq so‘yayotgan paytda o‘z tilida “Bismillahi” desa-yu, Iyso alayhissalomni qasd qilsa ham, go‘sht halol bo‘ladi, chunki bunday holatda zohiriga qarab hukm qilinadi.
Demak, musulmonlar so‘ygan go‘sht bor bo‘lganda, ahli kitoblarning go‘shtlariga ehtiyoj bo‘lmaydi. Lekin musulmonlar so‘ygan go‘sht topilmaganda, taqvo yuzasidan ahli kitoblar tomonidan so‘yilgan go‘shtlar yuqorida qayd etilgan shartlarga muvofiq kelishiga ishonch hosil qilib, yeyishingiz mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.