2024 yil 12-13 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati vakilligi xodimlari, tuman va shaharlarning bosh imom-xatiblari, Yangiyo‘l tumani imom-xatiblari, otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilar “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish, masjidni boshqarish, faoliyati hamda hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, peshin namozlarida dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilinib, Ishchi guruh tuzildi.
Ikki kun davomida Ishchi guruh a’zolari 7 toifaga mansub 188 ta oilaga, otinoyilar 5 toifaga mansub 45 ta oilaga, umumiy hisobda 233 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Jumladan,
- er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan 76 ta oila o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi;
- 34 ta holatda oilaviy ajrimlarning oldini olishga harakat qilindi, 3 ta oilani yarashtirishga muvaffaq bo‘lindi, 8 oilani yarashtirish jarayonini davom ettirilish belgilandi;
- 18 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashildi, tushunchalari to‘g‘rilandi.
- 19 ta xonadonda JIEMda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, jazo muddatini o‘tab qaytganlar, muqaddam sudlanganlar bilan yurtimizda olib borilayotgan islohotlar borasida suhbatlashildi;
- 47 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan, Zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida tushuntirildi, nasihat qilindi. Tushuntirishlar natijasida 4 nafar shaxs ichkilikni tashlaganini ma’lum;
- nogiron va kasalmand fuqarolar yashaydigan 9 ta oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi;
- 29 ta xonadonda oilaning ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan farzandining tarbiyasi, o‘qishiga befarq bo‘lgan 8 nafar ota-onaning mas’uliyati oshirildi.
Shuningdek, tadbir dorasida masjid imom-xatibi faoliyati o‘rganildi. Jumladan, ustav asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Ikki kun davomida Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, yig‘ilgan qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “Yosh avlod tarbiyasi”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzudagi ma’ruzalar qilib berdilar.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Yangiyo‘l tumani masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Otam menga o‘rgatgan uchta ishni hech qachon unutmayman. Sizlarga ham ular haqida aytib bergim keldi.
Birinchisi, otam mening qo‘limdan tutib, yozishni o‘rgatardi. Men o‘qish va yozishni otamdan o‘rgandim. Hayotim mobaynida nimaiki yaxshi narsa o‘qisam, yozsam, uning savobidan otamga ham nasiba borib turadi, inshoalloh.
Ikkinchisi, otam tirnoqlarimni olib qo‘yar, menga bu ishning ahamiyati, tirnoq ostidagi mikroblarning zarari, xususan, ovqat paytidagi ziyoni haqida gapirib berardi. Biroz kattaroq bo‘lganimda tirnog‘imni o‘zim olishimni o‘rgatdi. Har tirnoq olganimda shularni eslab, haqiga duo qilib qo‘yaman.
Uchinchisi, otam nonushta qilmay uydan chiqishimga yo‘l qo‘ymasdi. Sog‘lom bo‘lishda ertalabki nonushtaning ahamiyatini keyin bilib oldim. Har nonushta qilganimda ham otamning haqqiga duo qilaman.
Ma’ruzalarimdan birida yig‘ilganlardan: «Farzandlaringizga har kuni qo‘llaydigan uchta ajoyib odatingiz bormi?» deb so‘radim. Bir ota dedi: «Ishga ketishimdan oldin ularni o‘pib qo‘yaman, asr namozini o‘qib bo‘lgach, ularing har biri uchun duo qilaman, uyquga yotishlaridan oldin ularni bag‘rimga bosaman».
Siz ham o‘zingizdan so‘rab ko‘ring-chi, otangiz yoki onangiz siz uchun bajaradigan uchta eng yaxshi ishni eslay olasizmi? Yoki o‘zingiz bolangizga uchta yaxshi odatni o‘rgatyapsizmi?..
Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning
"FARZAND TARBIYASIDA 700 SABOQ" kitobidan