Marg‘ilon shahridagi "Ijodkorlar maktabi"da "O‘zbekistonda ayollar huquqlariga oid diniy ta’limotlar va islomda ayollar huquqi" mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari M.Kahhorova, "Oqila ayollar harakati" viloyat bo‘limi rahbari Yu.Rahimova, viloyat bosh otinoyisi H.Komilova va hududlarda faoliyat olib borayotgan otinoyilar ishtirok etdi.
Seminarda so‘z olgan notiqlarning xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ayollarning jamiyatdagi o‘rnini ko‘tarishga qaratilayotgan e’tibor, islomda ayollar huquqlari haqida qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.
Marg‘ilon shahar otinoyilari tomonidan tayyorlangan "Bir ayol qismati" nomli sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Unda ayol-qizlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotgan holatlar, o‘z joniga kasd qilishning salbiy oqibati kabi illatlar ko‘rsatib berildi. Hayotiyligi hamda turmush tarzimizdagi salbiy jihatlarni ochib, ularga ijobiy yechim taqdim qilgan sahna ko‘rinishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati