Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سَمِعَ صَوْتًا مِنْ قَبْرٍ فَقَالَ: مَتَى مَاتَ هَذَا؟ فَقَالُوا: مَاتَ فِي الْجَاهِلِيَّةِ، فَسُرَّ بِذَلِكَ، وَقَالَ: لَوْلَا أَلَّا تَدَافَنُوا لَدَعَوْتُ اللهَ أَنْ يُسْمِعَكُمْ عَذَابَ الْقَبْرِ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَمُسْلِمٌ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir qabrdan ovoz eshitdilar va:
«Qachon vafot etgan?» dedilar.
«Johiliyatda vafot etgan», deyishdi.
U zot bundan yengil tortdilar va:
«Agar dafn qilmay qo‘yishingizdan qo‘rquvim bo‘lmaganida, sizga qabr azobini eshittirishini so‘rab, Allohga duo qilar edim», dedilar».
Nasaiy va Muslim rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrdagi ovozlarni eshitish xususiyatlari ham borligi.
2. Johiliyatda shirk bilan o‘lganlar ham qabrlarida azoblanishlari.
3. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Allohga duo qilib, ummatlariga qabr azobini eshittirish imkoniyatiga ega bo‘lsalar ham bu ishni qilmaganliklari. Chunki qabrdagi azobni eshitadigan bo‘lsa, odamlar qo‘rqqanlaridan hech kimni dafn qilgani bormay qo‘yar ekanlar.
Demak, qabr ovozini eshitmasdan ham unga iymon keltirib, undan panoh so‘rab, undan qutultiradigan ishlarni qilib yurishimiz kerak ekan.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: هَذَا الَّذِي تَحَرَّكَ لَهُ الْعَرْشُ، وَفُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ، وَشَهِدَهُ سَبْعُونَ أَلْفًا مِنَ الْمَلَائِكَةِ لَقَدْ ضُمَّ ضَمَّةً، ثُمَّ فُرِّجَ عَنْهُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ هُنَا وَالشَّيْخَانِ فِي الْفَضَائِلِ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Mana bu uning uchun Arsh harakatga kelgan, unga osmonning eshiklari ochilgan, unga yetmish ming farishta hozir bo‘lgan odamdir. Batahqiq, u ham bir marta siqildi. So‘ngra u qo‘yib yuborildi», dedilar».
Bu joyda Nasaiy va ikki Shayx «Fazilatlar» bobida rivoyat qilganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisdagi gaplarni ansoriylarning Avs qabilasi boshlig‘i, ulug‘ sahobiy Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu haqida aytganlar.
Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu vafot etib, ruhlari ko‘tarilganida u kishining hurmatlaridan Arshi A’lo harakatga kelgan, osmon eshiklari ochilgan ekan. U kishining janozalariga yetmish ming farishta hozir bo‘lgan ekan.
Lekin shunchalik ulug‘ maqomga ega bo‘lishlariga qaramay, qabrga qo‘yilganlarida u kishi ham qabr tomonidan bir marta siqilgan, keyin qo‘yib yuborilgan ekanlar.
Imom Ahmad keltirgan rivoyatda:
«Albatta, qabrning bir bosishi bor. Agar o‘sha bosishdan biror kishi najot topadigan bo‘lsa, Sa’d topar edi», deyilgan.
Ushbu qabrning siqishidan faqat Payg‘ambar alayhissalomlar va balog‘atga yetmagan bolalargina chetda qolar ekanlar. Chunki bu ikki toifada umuman hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Qolganlar esa bunga albatta duchor bo‘lar ekan. Gunohi ozlarni qabr siqishi ozroq, ko‘plarniki esa ko‘proq bo‘lar ekan.
Shuning uchun iloji boricha gunohdan uzoqda bo‘lishga harakat qilish lozim. Shariatimizda qaysi ish gunoh deyilsa, albatta o‘shaning yaqiniga bormaslik kerak.
Ey Biru Bor, har bir narsaga qodir Alloh! Sening O‘zingdan bizni qabr azobidan saqlashingni so‘raymiz!
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yoki tez ovqat yeyish bo‘yicha “musobaqa”lar ommalashib bormoqda. Ba’zilar buni shunchaki qiziqarli shou deb bilsa, boshqalar uni rekord o‘rnatish vositasi sifatida qabul qiladi. Biroq Islom ta’limotida ham, zamonaviy tibbiyotda ham inson organizmini zo‘riqtirishi va isrofga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi.
Islom me’yorni buyuradi
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ushbu oyat nafaqat ovqatning halol bo‘lishini, balki uning miqdori ham me’yorda bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, ortiqcha ovqat yeyish ham isrofning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu oyat “butun tib ilmini o‘zida jamlagan oyat” deya hatto g‘ayridinlar tomonidan e’tirof etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo‘lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin”, dedilar (Imom Temiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis sog‘lom ovqatlanishning eng qisqa va mukammal dasturi sanaladi.
Ibn Sino: “Kasallikning ikkita sababi bor. Biri ko‘p yeyish, ikkinchisi to‘q qoringa yeyish”, degan.
Ilmiy fakt: oshqozon to‘yganini darhol bildirmaydi
Inson ovqatlanayotganda to‘yish haqidagi signallar oshqozondan miyaga taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shu sababli juda tez ovqatlangan odam ehtiyojidan ancha ko‘p ovqat iste’mol qiladi.
Tadqiqotlarda tez ovqatlanuvchi insonlarda ortiqcha vazn, semirish, 2-tur qandli diabet xavfi yuqori ekani aniqlangan.
Oshqozonning imkoniyati cheklangan
Oddiy holatda inson oshqozonining hajmi taxminan 1-1,5 litr atrofida bo‘ladi. U ma’lum darajada kengayishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida bir necha litr ovqat va suyuqlik qabul qilish oshqozon devorini zo‘riqtiradi. Ko‘p ovqat yeyish esa, oshqozonning haddan tashqari kengayishi, oshqozon harakatining vaqtincha to‘xtab qolishi, hatto oshqozon yorilishi kabi o‘limga olib keladi.
Aniq fakt: xot-dog yeyish musobaqalarida o‘lim holatlari kuzatilgan
Tez ovqat yeyish musobaqalarida eng katta xavflardan biri – bo‘g‘ilish.
Xot-dog, gamburger yoki katta bo‘lakli go‘shtni juda tez yutish natijasida ovqat nafas yo‘liga tushishi mumkin. Bunday musobaqalar vaqtida bo‘g‘ilish sababli bir qancha ishtirokchilar vafot etgani kuzatilgan.
Yurak va qon aylanishiga ta’siri
Katta hajmdagi ovqat hazm qilinishi uchun hazm tizimiga ko‘proq qon yuboriladi. Bu holat yurak urishining tezlashishiga, qon bosimining o‘zgarishiga va yurak ishining og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlarda bu holat yanada xavfli.
Inson tanasi – omonat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Senda tanangning ham haqqi bor”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, inson tanasi bilan tajriba o‘tkazish, uni ko‘ngilochar musobaqalar uchun zo‘riqtirish Islomning inson salomatligini asrash tamoyiliga ziddir. Shuning uchun, inson o‘z joniga ham, tanasiga ham qasddan zarar yetkazmasligi lozim.
Xulosa
Mo‘min kishi ovqatni nafsni qondirish yoki rekord qo‘yish uchun emas, balki Robbisiga ibodat qilishga quvvat bo‘lishi maqsadida, me’yor bilan iste’mol qiladi. Chunki me’yor – Islomning go‘zal fazilatlaridan biri, salomatlik esa Allohning eng katta ne’matlaridandir.
Davron NURMUHAMMAD