Bugun, 14 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Ilmiy-ma’rifiy suhbatda so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilgani, yurtimizda 100 ta yangi jome masjid ochilgani, ko‘plari havas qiladigan darajada obod bo‘lgani, Qur’oni karim kurslarida bir necha o‘n ming fuqaro Qur’oni karimni mutolaa qilishni o‘rgangani, haj-umra safariga borgan kishilar soni sezilarli oshgani kabilarni aytish barobarida oyat va hadislar asosida mana shunday ne’matlarga shukr qilish zarurligi bildirildi.
Uchrashuvda ilm va kasb-hunarga targ‘ib qiluvchi shar’iy dalil va hayotiy misollardan keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerak bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muloqot davomida Muftiy hazratlari o‘qituvchi va talabalarning ilm, oila, ijtimoiy va ibodatga oid savollariga batafsil javob berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati