Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Umaviylar davridagi fathlar

15.11.2024   26771   11 min.
Umaviylar davridagi fathlar

Umaviylar davrida fathlar uch jabhada olib borildi. Kichik Osiyoda rumliklarga qarshi fathlar. Bu fathlar juda keng ko‘lamli bo‘lib, Qustantiniyani, O‘rta yer dengizidagi ba’zi orollarni fath qilish orqali amalga oshdi.

Shimoliy Afrikadagi fathlar

Bu Atlantika okeanigacha yetib bordi. Nihoyat Jabali Toriq nomli joydan ham o‘tib, Ispaniyagacha yetdi.

Sharqiy jabha

Sharq tomonda Iroq, undan keyin shimolga qarab Movarounnahr, janub taraflar, Sind yurtlari fath qilindi.

Biroq Banu Umayyadan keyin Islomning kengayishi to‘xtab qoldi. Abbosiylar davlati harbiy jihatdan rivojlana olmadi, bir qadam ham oldinga siljimadi. Islom dini da’vatchilar, tojirlar faoliyati yordamida uzoq yurtlarga tarqalishda davom etdi, lekin harbiy jihatdan yuksalish butunlay to‘xtab qoldi. Bu sohadagi kengayishlar keyinchalik, g‘aznaviylar va usmoniylar davrida yana oldinga siljiy boshladi.

Muoviya ibn Abu Sufyon davridagi fathlar

U kishining xalifaligi davrida juda katta fathlar amalga oshirilgan. Ular asosan ikki asosiy jabhada bo‘lgan. Birinchisi – g‘arbiy jabha. Hozirgi Turkiya davlatining o‘rni Rum deb atalib, u yerlarda doimiy ravishda chegaralar ko‘rilgan va fath ishlari to‘xtovsiz davom etib turgan.

Asosiy maqsad Qustantiniyani fath qilish edi. Hijriy 50 (milodiy 670) yilda Qustantiniya qamal qilindi, so‘ng hijriy 53-61 (milodiy 673-680) yillarda ham qamal qilish ishlari davom etdi. Lekin bu yurtni fath qilishning imkoni bo‘lmadi. Muoviya roziyallohu anhu O‘rta yer dengizida bir ming yetti yuzta kemadan iborat dengiz flotini tashkil qildi va uning yordamida juda ko‘p g‘alabalarga erishdi.

U kishi hijriy 49 (milodiy 669) yilda Siqilliya – hozirgi Sitsiliyadagi Jurba orolini, hijriy 53 (milodiy 673) yilda Urdus orolini, hijriy 55 (milodiy 675) yil­da Kirit orolini fath qildilar. Shuningdek, hijriy 57 (milodiy 677) yilda Egey dengizidagi orollar, Qustantiniyaga yaqin yerlar fath qilindi.

Afrikada esa juda ko‘p joylar, jumladan, hijriy 41 (milodiy 661) yilda Binzert, 45 (milodiy 665) yilda esa Qayruvonning yonidagi Qumuniya fath qilindi. O‘sha yilning o‘zida Susa shahri ham fath etildi.

Uqba ibn Nofe’ roziyallohu anhu tomonidan Sirt, G‘idamis, Taroblus (Tripoli) shaharlari fath qilindi. Vuddon qaytadan fath qilinib, uning yerlari Fazzon va Qafsaga qo‘shildi. Hijriy 50 (milodiy 670) yilda Qayruvon shahrini ko‘rdi. Shuningdek, Uqba ibn Nofe’ Sudan yurtlaridagi joylarni fath qildi. Fathlar kengayib borib Mag‘ribga, Jazoirgacha yetdi. Uqba ibn Nofe’ Fihriy o‘sha maydondagi eng katta qo‘mondonlardan hisoblangan.

Sharqiy jabha

«Sharqiy jabha» deganda Movarounnaxr yurtlari, Sind yurti, Hindiston ko‘zda tutiladi. Ikki daryo – Sayhun va Jayhun daryolari orasidagi va uning atrofidagi yerlar Movarounnahr yurtlari hisoblanadi. U yerda o‘sha paytda Tohoriston (poytaxti Balh), Sofoniyon (poytaxti Shumon), Sug‘d (poytaxti Samarqand va Buxoro), Farg‘ona (poytaxti o‘sha vaqtda Xo‘jand bo‘lgan), Xorazm (poytaxti Jurjoniya), Ashrusna (Usrushona, poytaxti Panjikent), Shosh (poytaxti Binket) kabi yurtlar mashhur bo‘lgan.

O‘sha paytlarda mazkur o‘lkalarda istiqomat qiluvchi aholining ko‘p qismi butparastlardan iborat edi. Musulmonlar Movarounnahr yurtlarini fath qilishni hijriy 41 (milodiy 661) yilda boshladilar. Ular, avvalo hijriy 43 (milodiy 663) yilda Sijistonni fath qildilar. Hijriy 45 yilda Toxoristonning ba’zi yurtlari fath qilindi. Nihoyat ular Kuhistonga yetib bordilar. Hijriy 55 (milodiy 675) yilda Ubaydulloh ibn Ziyod Buxorogacha yetib bordi. Hijriy 44 yilda musulmonlar Sind va Hind yurtlariga qadam bosdilar. Bu yurtlarning aholisi ma’lum bir vaqt bo‘ysunib turishdi, so‘ng yana orqaga qaytib, vaziyat barqaror bo‘lmadi. Nihoyat Valid ibn Abdulmalikning davrita kelib musulmonlar u yerlarda o‘z hukmlarini mustahkamladilar.

Muoviya ibn Abu Sufyon davridagi viloyatlar

Usha paytda Islom davlatida bir necha viloyatlar mavjud bo‘lib, ularning ba’zilari bir necha amirliklardan tashkil topgan edi. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning xalifalik davrida oltita viloyat bor edi.

1.  Shom viloyati

Shom viloyati asosiy viloyat hisoblanib, uning hududlari janubda Arabiston yarimorolining shimolidan boshlanar, shimoli esa Turus tog‘larigacha yetib borar edi. Shara­da Furot daryosidan boshlanib, g‘arbdagi chegarasi O‘rta yer dengizigacha yetib borgan edi.

Bu viloyatda jumladan, Hims, Qunsurayn, Antokiya, Taroblus va boshqa amirliklar bor edi.

2.  Kufa viloyati

Iroqning shimoli, kurdlar, Ozarboyjon va shu tarafdagi boshqa yerlar ushbu shahardan turib boshqarilar edi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu va u kishining o‘g‘illari Hasan va Husayn roziyallohu anhumo mana shu shaharda faoliyat olib borgan edilar. Muoviya roziyallohu anhu bu viloyatga Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhuni voliy qilib tayinladi. U kishi voliylikni yaxshilab ado etib, go‘zal o‘rnak bo‘ldi.

3.  Basra viloyati

Bu viloyat Kufaga yaqin bo‘lsa ham, Fors, Xuroson, Sijiston kabi mintaqalar aynan u orqali boshqarilar edi.

4.  Xuroson viloyati

Bu viloyatga tegishli yerlar avvallari Basraga qarar edi. Muoviya roziyallohu anhu ushbu viloyatga Ziyod ibn Abiyhni voliy qilib tayinladi. Undan keyin boshqa voliylar ham u yer da ish olib bordilar.

5.  Madinai munavvara viloyati

Asosiy poytaxt bo‘lgan Madinai munavvara Islom davlati uchun eng ahamiyatli viloyat hisoblangan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham, roshid xalifalar ham Islom davlatini mana shu shahardan turib boshqargan edilar. Islom millatining yetakchi kuchlari – sahobai kiromlar, muhojir va ansorlar, tobe’inlar, taba’a tobe’inlar va ularning avlodlari mana shu muborak shaharda yashab kelganlar. Shuning uchun bu viloyatga voliy bo‘lgan shaxsning obro‘si ham katta bo‘lar edi.

Makkai mukarrama va boshqa viloyatlarning siyosiy ahamiyati kam bo‘lgani uchun tarixchilar ularni kamroq eslashadi.

6.  Misr viloyati

Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrida Amr ibn Os roziyallohu anhu boshchiligidagi fotihlar Misrni fath qildilar va ularning raxbari u yerga voliy bo‘lib qoldi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrlarida Misrga Abdulloh ibn Sa’d ibn Abu Sarh roziyallohu anhuni voliy qildilar.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning davrlarida Misrga bir nechta voliylar tayinlandi.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning davrida Misrga yana Amr ibn Os roziyallohu anhu voliy bo‘ldi.

 

Xavorijlar

Xavorijlar, avval aytib o‘tilganidek, Aliy roziyallohu anhuni Siffindagi urushni to‘xtatib, Qur’oni Karimning hukmiga tushishga majburlagan, keyin hakamlikni inkor qilgan, Harura degan joyda to‘planib, hazrati Aliy roziyallohu anhuga qarshi chiqqan odamlar edi.

“Xavorij” so‘zining ma’nosi “qarshi chiquvchilar”dir. Ular yer yuzida fisqu fasod, buzg‘unchilik qilishdi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu Nahravon jangida ularni yengganlaridan keyin ko‘pchilik xavorijlar hazrati Aliy roziyallohu anhuning lashkarlariga qo‘shilib olishdi va ulardan biri imkonini topib, u kishi roziyallohu anhuni qatl qildi.

Muoviya ibn Abu Sufyonning davrida ular Kufa va Basrada bir necha marta qo‘zg‘alon uyushtirishdi. Muoviya roziyallohu anhu ularga qarshi urush olib borib, qo‘zg‘alonni bostirdi.

Basraning voliysi Ziyod ibn Abiyh va uning o‘g‘li Ubaydulloh xavorijlarga qarshi nihoyatda qattiq turar, sira shafqat qilishmas edi.

Xavorijlar asli saxrolik qo‘pol, dag‘al, berahm, shafqatsiz odamlar edi. Ular odamlarni ikkiga bo‘lib – yo mo‘min, yo kofir bo‘ladi deyishar, o‘zlarining fikriga qo‘shilganlarni mo‘min, qarshi chiqqanlarni kofir hisoblashar, hatto hazrati Usmon, Aliy, Muoviya roziyallohu anhumni ham kofirga chiqarib qo‘yishgan edi. Havorijlar o‘z jamoasiga qo‘shilmaganlarga qarshi urush qilishar, ularning qonini halol sanashardi. Natijada ular juda ko‘p balo-ofatlarga sabab bo‘lishdi.

Mulohaza qilinadiki, umaviylar davlati davrida havorijlar juda ko‘p g‘alabalarga ham erishishgan. Ularning turlicha firqalari bo‘lib, azraqiylar, najadotlar, iboziylar, ajoridalar, safariyalar kabi nomlar bilan atalgan.

Yazidga bay’at qilinishi

Muoviya roziyallohu anhu o‘zi hayotlik chog‘ida o‘g‘li Yazid­ga bay’at qildirdi. Bu ishni qilgan birinchi musulmon aynan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu bo‘ldi. Buning uchun unga ko‘pchilik qarshi chiqdi. Husayn ibn Aliy roziyallohu anhu, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr, Abdurrahmon ibn Abu Bakr roziyallohu anhular shular jumlasidandir. Shariatda joiz bo‘lmagan bu ishi uchun Muoviya roziyallohu anhu juda ko‘p musibat va mushkulotlarga, shiddatli qarshiliklarga uchradi, lekin ularning hammasi bostirildi.

Musulmonlarning rahbarlik ishi hisoblangan xalifalikni bunday mas’uliyatli ishga iqtidori bor, sifatlari talabga javob beradigan shaxs zimmasiga olishi kerak edi, uni merosga aylantirish joiz emasdi.

Muoviya roziyallohu anhuning vafoti

Muoviya roziyallohu anhu odamlar orasida yaxshi siyrat bilan yashadi. Butun g‘ayratini musulmonlarni birlashtirishga sarfladi. Ba’zi xavorijlarni hisobga olmaganda, unga qarshi turuvchilar qolmadi. Oz sonli xavorijlarning ta’siri esa juda oz edi.

Muoviya roziyallohu anhuning davri uzoq davom etdi. Shu bilan birga, juda keng qamrovli bo‘ldi. Shuning uchun tarixchilar uning davri islomiy xalifalikning eng go‘zal va farovon davrlaridan bo‘lganini ta’kidlaydilar. Bu davrda ichki tinchlik va omonlik qaror topdi, turli qarshi unsurlarning hammasi mag‘lub qilindi, tashqi jabhalardagi fath, ishlari bardavom bo‘lib, chor atrofga tarqaldi. Har tarafdai g‘alabalar to‘g‘risida xabarlar kelib turdi.

Sahobalar va ularning o‘g‘illarining Muoviya roziyallohu anhuga qarshi turishiga sabab bo‘lgan birdan-bir narsa uning o‘zi tiriklik chog‘ida o‘g‘li Yazid uchun bay’at olishi bo‘ldi.

Muoviya roziyallohu anhu hijriy 60 yil rajab oyida (milodiy 680 yil aprel oyida) vafot qildi. U kishining xalifaliklari yigirma yil davom etdi. Muoviya roziyallohu anhu Islomda birinchi bo‘lib pochta xizmatini va muhr devonini yo‘lga qo‘ygan kishi hisoblanadi.

Keyingi mavzular:

Yazid ibn Muoviyaning xalifaligi;
Shiy’alarning qo‘zg‘alonlari;
Karbalo fojiasi;
Harra voqeasi va Madinani muboh sanash;

Ikkinchi Muoviya ibn Yazid.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   8601   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan