Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447

O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyati Malayziya aholisi o‘rtasida keng targ‘ib qilinmoqda

20.11.2024   14855   1 min.
O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyati Malayziya aholisi o‘rtasida keng targ‘ib qilinmoqda

Joriy yilning 4-11 noyabr kunlari Malayziyaning Perlis shtati muftiysi, mamlakatimizning ziyorat turizmi bo‘yicha elchisi doktor Moxd Asri Zaynul Abidin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi xabar berdi. 

Safar O‘zbekiston turizm salohiyatini Malayziya va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma media loyiha doirasida mamlakatimiz elchixonasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Turizm qo‘mitasi hamda mahalliy turkompaniya bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Bir hafta davom etgan safar chog‘ida Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahrida O‘zbekiston ziyorat turizm salohiyati, madaniy merosi, islom dunyosiga oid ziyoratgohlari hamda o‘zbek xalqining an’analariga bag‘ishlangan turkum podkasdlar suratga olindi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.  

Shuningdek, Malayziya delegatsiyasi Buxoro va Samarqand viloyatlari imom-xatiblari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Malayziyalik diniy arbob ilk bor Buxorodagi Mir Arab madrasasida va Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ma’ruzalar o‘qidi.

Malayziyaliklar respublikaning tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi, shu jumladan Hazrati Imom majmuasi faoliyati, "Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortidagi zamonaviy infratuzilmalar, "Usmon mus'hafi" Qur’oni karimning bugungi kungacha saqlanib qolgan eng qadimiy qo‘lyozmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Safar doirasida doktor Moxd Asri Zaynul Abidinning O‘zbekistonning tarixiy obidalari fonida suratga olingan mamlakatimiz zaminida yashab o‘tgan ulamolarning islom dunyosi rivojida tutgan o‘rni haqidagi ma’ruzalari yurtimizdagi tabarruk qadamjolarga kelayotgan ziyoratchilar sonining oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

23.06.2025   7510   1 min.
Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi. 

Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.

Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!

Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.

 «Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan