Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zino nihoyatda og‘ir gunohdir. Barcha samoviy shariatlar bu gunohning yomonligi va og‘irligiga ittifoq qilgan. Yahudiy, Nasroniy va Islom shariatining ta’limoti bu borada ochiq-oydindir. Quyida ularning xulosasi taqdim qilinadi.
Yahudiy dinida zinoning yomonligi va uning jazosi
Yahudiy shariatida zinoning hukmi haromdir va uni nihoyatda og‘ir jinoyat deb qaror qilingan. Zino eng nopok va iflos qiluvchi amal deb tasdiqlangan. Tavrotda Allohning azobi zinokorlarga bo‘lishi aytilgan.
Alloh taolo juda ko‘p ummatlar va qavmlarni zinoga mubtalo bo‘lganlarida halok qilgan. Alloh taoloning Bani Isroilga, zino qilmanglar, yo‘qsa, sizlarni halok etib, barbod qilamiz, degan amri bor edi. Yahudiy shariatida zinoga og‘ir jazolari tayin qilingan. Tavrot hukmiga ko‘ra zinokorga qatl, toshbo‘ron va yoqib yuborish jazolari tayin etilgan. Zinoning yomonligi nazarda tutilib, nafaqat zino harom deb aytilgan, balki, uning sabab va vositalaridan ham qaytarilgandir. Shunga ko‘ra, badnazarlik, begona ayollar bilan hamsuhbat bo‘lish va hokazo ishlar man etilgan.
Nasroniy dinida zinoga munosabat
Nasroniy dinida ham zino gunohi kabiradir. Injilning juda ko‘p o‘rinlarida bu jinoyatdan qaytarilgan.
Insonlarga qilingan o‘n muhim vasiyatdan biri zino qilmaslik bo‘lgan. Unda zino Allohning g‘azabiga sabab bo‘ladi deyilgan. Nafaqat zinoning o‘zi, balki uning yo‘llari va sabablaridan ham voz kechish ta’kidlangan. Zinokorlar ila aloqa o‘rnatishlikdan qaytarilgan. Nasroniy dini ta’limotida bu mavzuga batafsil va jiddiy e’tibor qilingan.
Islom dinida zinoga munosabat
Dinimizda zino qat’iy harom deb aytilgan. Qur’on va hadis dalillarida zinoning shar’iy va aqliy yomonliklari oshkora bayon qilingan. Masalan, aroq (xamr) ba’zi maslahat (foyda)lar sababidan turli xil bosqichlarda harom qilingan. Lekin zinoni avval-boshdanoq, hech qanday rioyasiz, qat’iy va ochiq tarzda harom, behayolik, yo‘ldan chiqish va yomonlik deb hukm qilingandir. Isro surasining 23-oyatida avval zinodan, undan keyin nohaq qatl etishdan qaytarilgan. Bu tartibning hikmatini bayon qilar ekan. Imom Roziy rahmatullohi alayh shunday yozganlar: «Kufrdan keyin eng katta gunoh nohaq qatldir. Keyin zinodir. Lekin shunga qaramasdan, bu oyatda zinoning zikri qatldan avval keldi. Hikmati shuki, qaysi jamiyatda zino eshiklari ochilsa, unda qatl va talon-toroj keng tus oladi. Zino tufayli qotillik ochiq va oson bo‘ladi. Shuning uchun zino qatldan oldin zikr qilingan» («At-tafsirul kabiyr», 2/199).
Dinimizga ko‘ra, zino shunchalar yomonki, bu ishni qilgan odam iymon nuri va lazzatidan mahrum deb hukm qilingan. Uning duolari maqbul bo‘lmasligi aytilgan. Zino natijasida paydo bo‘ladigan ijtimoiy va shaxsiy musibatlar hamda mushkulliklarni zikr qilish bilan bu gunohning naqadar qabihligi ochiq- oydin ko‘rsatib berilgan.
Erkaklar zimmasiga oilasining obro‘yini saqlash yuklatilgandir. Iffat muhofazasi uchun hatto jon fido etishga ijozat berilgan va unga shahidlik maqomi va’da qilingandir. Oilasining sha’nini rashk qilmaydiganlar esa, dayus va gunohkor sanalgan.
Shuningdek, ayollarning zimmasiga farjlarini qat’iy muhofaza qilish yuklangan.
Jamiyatni zino balosidan saqlash uchun har bir erkak va ayolning zimmasiga aniqlamasdan turib birovni buzuqlikda ayblamaslik, tuhmat qilmaslik amri yuklangan. Tuhmat qilib, isbot taqdim eta olmaydiganlarga qattiq jazo tayinlangan. Shuningdek, zinoning barcha holatlari, ko‘rinishlari, omil va sabablaridan hamda unga bog‘liq har qanday katta-kichik ishlardan nihoyatda qattiq va ochiq-oydin qaytarilgan. Maqsad shuki, jamiyat zinodan butkul pok va omonda bo‘lsin.
Yuqoridagi tafsilotlardan anglash mumkinki, zino juda halokatli, xatarli va og‘ir jinoyat ekan. Uning zararlari ko‘pligidan barchasini bayon qilishning imkoni yo‘q.
Aslida, zinoning zarar doirasi nihoyatda kengdir. U zararlar oxirat va barzax olamigacha ham yetib boradi. Insonning jasadidan oshib o‘tib, qalbi, botini va ruhiga, dini, axloq-odobi va siyratiga ta’sir qiladi. Oila va jamiyatlarni buzadi. Dunyolarni alg‘ov-dalg‘ov qiladi.
«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi
Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!
Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!
Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!
Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!
Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!
Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!
Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].
Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].
Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun rozi bo‘lur...»[4].
Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.
Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: “Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].
Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 152-oyat.
[2] Niso surasi, 147-oyat.
[3] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4] Zumar surasi, 7-oyat.
[5] Ibn Hibbon rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.