O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi Dilkusho jome masjidida navbatdagi umra darslari o‘tkazildi.
Darsda “Abu Hafs Kabir” jome masjidi imom-xatibi, “Mir Arab” madrasasi o‘qituvchisi Akram domla Abdullayev navbatdagi umra safariga ketayotgan 13-14 -guruh a’zolari va tayinlangan ellikboshilar ishtirok etdi.
Ma’ruzada Akram domla Abdullayev so‘zga chiqib, umra ziyoratining ahkomlari, safar odoblari, musofir kishining ibodati, safar oldidan tayyorgarlik kabi mavzularni o‘tib berdi.
Dars mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollarga ustoz tomonidan atroflicha tushunchalar berib o‘tildi
Alloh taolo umraga otlanayotgan hamyurtlarimizning safarini xayrli qilsin, Baytullohni tavof qilishni barchamizga nasib etsin!
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati