Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qorinlari nihoyatda och edi. Yotib uxlamoqchi bo‘ldilar ammo uxlashga ham qiynaldilar. Bir muddatdan keyin o‘rinlaridan turib, bir toshni qorinlariga qo‘yib yotmoqchi bo‘ldilar. Bu holatni ko‘rgan Oisha roziyallohu anho onamiz qattiq havotirlandilar.
Oisha roziyallohu anho onamizning ko‘zlariga yosh keldi. “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilsangiz, Siz uchun hamma narsa muhayyo bo‘ladiku”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan oldingi Payg‘ambarlar ham shu holatda ketishdi. Men ham Robbimning huzuriga shunday boraman”, dedilar.
Abu Tolha roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ochlikdan shikoyat qildik. Qornimizga (bog‘lab olingan) bittadan toshni olib ko‘rsatdik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkita toshni olib ko‘rsatdilar”.
Bugun uyingizda biror taom tayyorlayotganingizda yoningizdagi qo‘shningizning qorni och bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmang. Hovlingizda tutunini chiqarib tansiq taom pishirsangiz, qo‘shni xonadonda homilador kelin bo‘lsa, ularga ham chiqarishni unutmang. Qaynatma sho‘rva qilsangiz ovqatga ko‘proq suv soling bir kosa qo‘shniga ham berasiz.
Oisha onamiz roziyallohu anho: “Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oilasi bir kunda ikki marta yegulik yemagan, yesa ham bittasi xurmo bo‘lgan”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Akbarshoh RASULOV
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati