Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi", deganlarini eshitdim, degan ekanlar".
Abu Dovud va Termiziy rivoyati
“Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, ta’lim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-ma’rifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qur’onini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining ma’rifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sun’iy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.
Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani ta’kidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini ta’sis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati