Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Kim ilm talab qilish yo‘liga yursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qo‘yadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga o‘xshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxo‘rlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim o‘shani olsa, ulug‘ nasibani olibdi", deganlarini eshitdim, degan ekanlar".
Abu Dovud va Termiziy rivoyati
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati