frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

“Yangi O‘zbekiston diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi xalqaro konferensiya xorijiy mutaxassislar nigohida

26.11.2024   6781   9 min.
“Yangi O‘zbekiston diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi xalqaro konferensiya xorijiy mutaxassislar nigohida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, xalqparvar va millatparvar siyosati, shuningdek, mintaqa miqyosida faol tashqi siyosat olib borayotganligi, qo‘shni davlatlar bilan har tomonlama, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirayotganligi, ezgulik va tinchlik-osoyishtalik omili bo‘lgan diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga imkon bermoqda. 

Yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, ta’lim, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va bag‘rikenglik tamoyillari o‘zining yangi tarixiy sahifalarini ochdi. Yaqin qo‘shni davlatlar bilan oliy va yuqori darajadagi aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zlab, muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezidentimizning muhim taklifi asosida 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlsh lozimki, mazkur rezolyutsiyani Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 50 dan ortiq mamlakatlar yakdil  qo‘llab-quvvatlashdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil 19 sentyabrdagi 78-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslari asosida joriy yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya yuqori saviyada o‘tkazildi.

Unda dunyoning 22 ta mamlakatidan 70 dan ortiq xorijiy mehmonlar – ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu tadbir yakuni bo‘yicha musulmon mamlakatlarining olim va mutaxassislari ishtirokida ekstremizm, radikalizm va terrorizmga qarshi kurash samaradorligini yanada oshirish, ilmiy raddiyalar berish metodologiyasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.

Joriy yilning 16 noyabr kuni esa poytaxtimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Din ishlari qo‘mitasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Undan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri bo‘lgan diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni yanada mustahkamlash borasidagi ishlarni o‘rganish, istiqboldagi vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Xalqaro anjumanda AQSH, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya, Malayziya, Portugaliya, Armaniston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan mutaxassislar, YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, milliy madaniy markazlar, turli diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari qatnashdi.

Anjumanning xorijiy ishtirokchilari bugungi tahlikali zamonda O‘zbekistondagi dinlararo va millatlararo totuvlik hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar xorijiy davlatlar uchun o‘rnak bo‘layotgani, bu islohotlar va tashabbuslar boshida O‘zbekiston Prezidenti turganini yuqori baholadilar. Quyida diniy konfessiya rahbarlari va dinshunos mutaxassislarning anjuman haqidagi taassurotlarini keltiramiz:

Mustafa DЕMIRJI, Turkiyaning Saljuq universiteti Saljuq tadqiqotlari instituti mudiri, professor:

– Mazkur konferensiya O‘zbekistondagi 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirdi, deb aytish mumkin.

Ushbu nufuzli anjuman orqali turli millat vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik borasida olib borilayotgan islohotlardan mamnun ekanliklarini izhor qilmoqdalar.

Tarixan ushbu makon Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, turli millat va xalqlar bir yerda jamlangan yurt hisoblanadi. Bu esa o‘lkaning sivilizatsiyalar tutashgan manziliga aylantirgan. Bunday yurt dunyoning boshqa joyida topilmaydi.

 

Sergey KRЕTOV, Novoapostol cherkovi Markaziy Osiyo okrugi rahbari:

– Hozirda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari istiqomat qiladigan multikonfessional O‘zbekiston jamiyatida bag‘rikenglikni targ‘ib qilish yurt rivojining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Biz O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashning o‘ziga xos modeli shakllanganining guvohi bo‘ldik. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, har bir din vakiliga teng huquq va erkinlik berilgani va emin-erkin ibodatlarini amalga oshirishga sharoit yaratilganidir.

Shuni aytish muhimki, keyingi yillarda yangi O‘zbekistonda dinlararo muloqot sohasida ko‘plab ijobiy islohotlar amalga oshirilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz va bu bizni mamnun qiladi. Bugungi o‘tkazilayotgan konferensiya ham fikrimizning yaqqol misoli bo‘ladi.

Yepiskop Xose Luis Mumbiyela SЕRRA, Markaziy Osiyo katolik yepiskoplari konferensiyasi raisi, Qozog‘iston:

– O‘zbekistonga avval ham bir necha bor kelganman. Bu yerda turli din va millat vakillarining hamjihatlikda o‘zaro tinch-totuv hayot kechirayotgani, umuman, diniy bag‘rikenglikning yuksak madaniyati shakllangani meni g‘oyatda hayratlantiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun mamlakatingizning tez sur’atlar bilan rivojlanib, xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borishida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhiti muhim rol o‘ynamoqda.

Bugungi turli nizolar kuzatilayotgan vaziyatda turli millat, din vakillarini bir joyga jamlab, tinchlik, farovonlikni ko‘zda tutgan mushtarak maqsadlar ilgari surilayotgani juda katta jasorat va dunyo hamjamiyatiga namunadir.

 

Mitropolit VIKЕNTIY, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari:

– Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha odamlar tinchlik va hamjihatlikda yashashlarini ta’minlashini qo‘llab-quvvatlab, targ‘ib qilib kelmoqda. Bu esa diniy bag‘rikenglikning muvaffaqiyat kalitidir.

Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga tobora ochilib bormoqda. Turli millatlar o‘rtasida ezgulik, tinchlik va totuvlik, bag‘rikenglik va do‘stlik siyosatini tarannum etayotgan mamlakat sifatida dunyoda tan olinmoqda. Ushbu konferensiya esa diniy bag‘rikenglikning o‘zbekona modeli sifatida e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining tinchlik va hamjihatlik tashabbusini barchamiz qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Shunday ekan, bugungi bayram bilan barchani tabriklayman. Bunday quvonchli kunlar har doim hamrohimiz bo‘lsin.

 

Vladimir PROVOROV, Rossiya Yevangel-Lyuteran cherkovi arxiyepiskopi:

– O‘ylaymanki, mazkur konferensiya O‘zbekistondagi turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, umumjamiyat rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlariga hamohangdir.

O‘zbekiston Prezidentining millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan siyosati mamlakatdagi turli millat vakillarini bir maqsad sari birlashtirmoqda. Bu yangi O‘zbekistonning insonparvarlik islohotlaridan biri sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda.

Abd Rahman Mohd ROSMIZI, Malayziya Islom ilmlari universiteti professori:

– “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” mavzusidagi konferensiya sabab O‘zbekistonda bo‘lganimdan juda ham mamnunman. Fursatdan foydalanib, ushbu nufuzli anjuman tashkilotchisi va tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga minnatdorlik bildirib qolaman. Bu kabi tadbirlarning bardavom bo‘layotgani juda quvonarlidir. Zero, yaxshi bilamizki, islom dini ta’limotiga ko‘ra, Alloh taolo insonlarni turli xalq va millatlarga bo‘lib yaratgan va ularning asosiy maqsadi yer yuzida hamjihatlikda va hamkorlikda yashashdan iborat.

Biroq bugun yer yuzining ayrim hududlarida sodir bo‘layotgan nizolar, to‘qnashuvlar tinchlik-totuvlikning qadrini yanada oshirmoqda. Shu nuqtayi nazardan bugungi konferensiya dolzarb ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yurtingizdagi diniy konfessiya vakillarining faoliyatini o‘rganish, tahlil etish, O‘zbekistonning bag‘rikenglik siyosatini jahon hamjamiyatiga namuna sifatida ko‘rsatish anjuman qatnashchilarining muhim maqsadi bo‘lishi kerak. O‘z yurtimizga qaytganimizda ham konferensiyada ko‘tarilgan insonparvarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini yetkazishni ko‘zda tutganmiz.

 

Sanjit DJXA, MDH Hind forumi raisi, Rossiya Hind Kengashi raisi:

– Bugungi tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik” konferensiyasini o‘z yo‘nalishiga ko‘ra, dunyoda noyob hodisa deb hisoblayman.

Men bir necha din va millat vakillari yashaydigan davlatlarni bilaman, lekin bugungidek davlat rahbari darajasida e’tibor beriladigan birorta mamlakatni bilmayman.

O‘zim shaxsan Krishna jamiyati vakili hisoblanaman. Qadimgi sanskrit tilida yozilgan hinduiylik dini manbalarida “Bu dunyo unda yashayotgan din va millat vakillaridan qat’iy nazar katta oiladir”. Men aynan O‘zbekistonda bir nechta millat va elatlarning ahil va inoq oiladek yashayotganiga guvoh bo‘ldim. Bunday nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan g‘oyatda mamnunman.

Faride KAMALOVA, Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti kafedra mudiri:

– Insoniy qadriyatlarga asoslangan dinlararo muloqotning asosiy poydevori bag‘rikenglikdir. Bag‘rikenglik turli fikrlar, e’tiqodlar va madaniyatlarni hurmat qilish sifatida ta’riflanadi hamda ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatlarda tinch-totuv yashashning zarur sharti sifatida ko‘riladi.

Modomiki shunday ekan, har bir inson, butun jamiyat o‘zaro munosabatlarni xalqlarning turli-tuman urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlarini tan olgan holda bag‘rikenglik asosiga qurishi zarur. Zero, tinch-totuvlik, bag‘rikenglik taraqqiyot garovidir.

Xorijiy ekspert va mutaxassislarning fikrlaridan shunday xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida mazkur jabhada “o‘zbek modeli” o‘ziga xos namuna o‘laroq shakllanayotganligi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilarning bir makonda ezgu niyatlar yo‘lida o‘zaro hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, mehnat qilishi bag‘rikenglikning eng yorqin namunasidir. Dunyodagi vaziyat keskin va murakkab bo‘lib borayotgan bugungi kunda yurtimizning tinchligi va ravnaqini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish har qachongidan ham muhimdir.

O‘zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   3174   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari