Prezident daraxt ekmoqda...
— Qani edi dunyodagi hamma davlatlarning rahbarlari bizning Prezidentimizday bo‘lsa, — havas va faxr bilan sekin shivirladi senator Husan Ermatov. — Afsuski...
“Afsuski...” degan bittagina so‘z nafaqat senator Husan Ermatovning, balki shu lahzalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi boqqa ko‘chat ekish uchun kelgan barcha yurtdoshlarimizning qalbidan ne-ne o‘y va tashvishlar kechayotganini ifodalab, anglatib turgandek edi.

Ha, afsuski, dunyo behalovat. Dunyo chaqaloqning kipriklarida, namozshomgul yaproqlarida omonat qalqib turgan shudring tomchisidek qaltirab turibdi. Ayrim davlatlarning rahbarlari tinchlikni avaylash, odamlarga mehr ko‘rsatish, ko‘chat ekish, tabiatni asrash o‘rniga qirg‘inbarot urushlarga sarkardalik qilmoqda. Ming-minglab odamlarning uylari vayron, dillari qabriston, ko‘chalari go‘riston bo‘lishiga sababchi bo‘lyapti. Yo‘limdan yurmasang, menga bo‘yin egmasang, aytganimni qilmasang, ko‘zingga ko‘rsatib qo‘yaman qabilida Yer yuzini ostin-ustun qilmoqqa jahd qilgan “shoh”lar yovvoyi maxluqdek o‘kirmoqda, pishqirmoqda, o‘kirmoqda. Bolalar yetim, onalar beva, insonlar vatangado bo‘lmoqda. Tabiat esa... Hammasidan ko‘p azob chekyapti ona tabiat. Har otilgan o‘qdan, har bombaning dahshat bilan portlashidan yam-yashil bog‘larning kuli ko‘kka sovurilmoqda, ona tabiat tanklarning temir tovoni ostida maydalanib, ingrab, jon taslim qilmoqda. Qachongacha davom etadi bunday xo‘rliklar, zo‘ravonliklar, qonxo‘rliklar, “men zo‘rmi, senmi” qabilidagi mushtumzo‘rliklar? Qachon insof kiradi bu bosqinchi kazzoblarga! Bombalaru snaryadlarga ketayotgan milliard-milliard mablag‘larni o‘z fuqarolarining farovonligiga sarflasa bo‘lmaydimi bu ko‘rnamaklar?! Dunyo qachon xalos bo‘ladi tinchlik qassoblaridan? Vayronkorlik, jonxo‘rlik qilish o‘rniga daraxt eksa bo‘larkan-ku, axir!
Prezident daraxt ekmoqda...
Tasodif yoki ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, buzg‘unchilarga, bosqinchilarga, tabiat yovuzlariga qarshi isyon sifatida nihol o‘tqazyapti mushtipar zamin quchog‘iga. Uch yildan oshdi Prezident tomonidan “Yashil makon” umummilliy harakati boshlanganiga. Loyiha chinakam xalq harakatiga aylandi. Avvalgi yillarda Yangi Toshkent, Sergeli, Chilonzor tumanlarida bo‘lgan ko‘chat ekishda davlatimiz rahbarining o‘zi bosh-qosh bo‘lgan edi. Shundan so‘ng qishloq va shaharlarda, yo‘l yoqalariyu xiyobonlarda million tuplab daraxt va gul ko‘chati ekildi.
Oliy Majlis palatalarining o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan uch kunlik yig‘ilishlari adog‘ida esa davlatimiz rahbari 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildi. Muqaddas zaminda obodlik bo‘lsin, bog‘lar ko‘paysin, gullar bargida chang-g‘ubor bo‘lmasin, anhorlar, daryolar suvi musaffo bo‘lsin, qishloqlar, dalalar, qiru adirlar chamanga burkansin, odamlar musaffo havodan to‘yib-to‘yib nafas olsin, to‘yib-to‘yib yashasin, rohat qilib yashasin, degan muhtasham orzularning mo‘tabar iforlari edi bu!
— Bugun nafaqat biz, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilmoqda. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda, — deya ta’kidladi Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida. — Biz bu masalaning oqibatlarini oldindan ko‘rib, mazkur yo‘nalishda katta ishlarni olib boryapmiz. Bundan uch yil avval boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hozirgi kunga kelib, chinakam xalq harakatiga aylandi. Ushbu dastur qator hududlarda, jumladan, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Prezident daraxt ekmoqda...
Bektemir tumanidagi halqa yo‘li yoqasida 100 gektarli yangi boqqa asos solinmoqda. Boqqa ikki yilda 100 ming tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chati o‘tqaziladi. Ularni parvarishlash va sug‘orish uchun 3 ta sun’iy havza va 12 ta quduq barpo etiladi. Mamlakatimizda esa faqat shu yilning kuzida 80 million tup daraxt va buta ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Umuman, oxirgi uch yilda mamlakatimiz bo‘yicha 646 million tup ko‘chat va buta ekildi. Orolbo‘yidagi yashil qoplama hududi 2 million gektardan oshdi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz Oliy Majlis yig‘ilishida aytganidek, qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti ochildi. O‘zbekiston BMT tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiya tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston 2023 yilda iqlim o‘zgarishlariga moslashuv jarayonini moliyalash yo‘nalishida MDHda birinchilardan bo‘lib tarixiy qadam tashladi hamda 331 million dollarlik “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.
Ekologik muammolarning mintaqaviy va transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda, joriy yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Unda Orol mintaqasini tiklashga qaratilgan tashabbuslarga alohida e’tibor berilib, yashil o‘rmonlar barpo qilish va mahalliy aholi turmush darajasini oshirish kabi keng ko‘lamli dasturlar taqdim etildi. Mazkur loyihalar yurtimizning ekologik va ijtimoiy o‘zgarishlarga sodiqligining o‘ziga xos ifodasidir.
Endi mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha hukumat tomonidan alohida dasturlar ishlab chiqiladi. Unda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etadi, albatta.
Lekin o‘zimiz-chi? O‘zimiz yurakdan his qilyapmizmi buni?
Axir biz — odamlar ona tabiatni ozmuncha xo‘rladikmi, taladikmi, azobladikmi, aldadikmi? Nega asrlar mobaynida bir tomchi suvga zor bo‘lgan arab sahrolari sel qahriga duchor bo‘lmoqda, nega shimol dalalari, o‘rmonu kentlari toshqinlar tagida ko‘milib qolyapti? Dunyo bino bo‘lganidan buyon chanqoqlik nimaligini bilmagan sersuv manzillar Afrika sahrolaridek qaqrab boryapti, daryolar o‘rnida cho‘llar, cho‘llar o‘rnida ko‘llar paydo bo‘lyapti? Chunki biz yetti qavat yer tagiyu yetti qavat osmon ustigacha nima ko‘rinsa, taladik, talayapmiz. Hatto ona zaminni pilladek o‘rab, turli balo-qazolardan asrab turuvchi ozon qatlamigacha ayamadik — teshdik: mix urib teshdik, miltiq otib teshdik, snaryad otib teshdik, teshyapmiz. Bu ketishda bulut bulutligini, osmon osmonligini, yulduz yulduzligini unutib qo‘ymaydimi? Bunday talon-tarojlarning oldi olinmasa, jilovlanmasa, qiyomat-qoyim bo‘lmaydimi? Bir-biridan dahshatli fojialarni zamin ahli bilib turibdi, esi borlar faryod uryapti, “Bas qiling!” deya hayqiryapti. Zo‘ravonlar esa kardek, ko‘rdek miq etmayotir. Kim o‘zi ular? Nahotki, bolasi, ota-onasi, qarindosh-urug‘i, millati va vatanining taqdirini o‘ylamasa? Nega yoqasidan olib, burnini ajriqqa ishqamayapti dunyoga egamenlik da’vosida yurgan saltanatlarning sultonlari? Nega?!
O‘zbekiston Prezidenti daraxt ekmoqda...
Birinchi niholning ildizlari atrofini belkurak bilan shibbalab, ikkinchi ko‘chatga mehr qo‘rini to‘ka boshladi...
Bu shunchaki yerga bir tup ko‘chat o‘tqazish, shunchaki dam olish kunidagi yumushlarning biri emas. Bu — yetti yoshdan yetmishgacha bo‘lgan barcha fuqaroga da’vat. Talato‘p dunyoning ko‘ziga kul sochayotgan kimsalarning qilmishiga Prezident javobi. Tabiat xoinlarining boshiga urilgan gavron... va har bir aqli raso insonga saboq, yoshlarga ibrat, qariyalarga duo, mo‘yqalam sohiblariyu shoirlarga ilhom bulog‘i bu.
Davlat rahbarining qalbidagi orzu-armonlarni hali-hanuz hammamiz ham tushunib yetganimizcha yo‘q. Tushunib yetganimizda har yil bahoru kuzda ekkan ming-ming tup ko‘chatimiz saratonda quvrab, qorda muzlab qolmagan bo‘lar edi. Axir bu yil mana buncha million ko‘chat ekdik qabilidagi yolg‘on ma’lumotlar bilan o‘ziniyam, o‘zgalarniyam aldayotgan amaldorlar yo‘qmi oramizda? So‘nggi 10-15 yilda ekilgan daraxtu butalar haqidagi “hisobot”lar rost bo‘lganida edi, O‘zbekiston o‘rmonga aylanib ketgan bo‘lardi. Aldadik. Oqibat nima bo‘ldi — xalqning peshona teri bilan topilgan millionlar somondek sovurildi, mehnatimiz suvda oqdi, qumga cho‘kdi. Nima naf ko‘rdik? Prezident bunday xunuk xatolar takrorlanmasligi, saboq chiqarish, qalblarda ona tabiatga beadoq mehru muhabbat uyg‘otish uchun ham o‘zi bosh bo‘lib daraxt ekmoqda.
Daraxt ekmoqda...
Biz farzandlarimizga, nabiralarimizga tabiat nima ekanini tushuntira olyapmizmi? Bolalarimiz daraxtlarni daraxtlardan, gullarni gullardan, chechaklarni chechaklardan farqlay oladimi? Ko‘katlarning nomiyu maysalarning xususiyatini bilishadimi? Qayrag‘ochning foydasiyu yantoqning shifobaxshligini anglashadimi? Ularga qaldirg‘ochlar nima uchun ayvonlarga in qurishini aytganmizmi? Zurriyotlarimizga burgutlarning lochinlardan, qarg‘alarning quzg‘unlardan, chiyabo‘rilarning bo‘rilardan farqi haqida gapirganmizmi? Bir tup daraxt, bir tup rayhon, bir siqim yalpiz, bir tutam ismaloq odamzodga qancha foyda keltirishi haqida-chi? Daraxtning bitta shoxini, na’matak yoki do‘lananing bitta novdasini bevaqt sindirish qanchalar zararli ekanini-chi? Daryoyu anhorlar kalla tashlab, maza qilib cho‘milishgina emas, minglab insonlarning, gulu g‘unchalarning, qurtu qumursqa, bog‘u rog‘larning joni, qoni ekanini tushuntirganmizmi? Bolalarimiz his qiladilarmi, bulut nimaligi, oy nimaligi, qiru adir va yeru osmon nimaligini? To‘fonlar, toshqinlar qayoqdan paydo bo‘lishiyu nega tabiiy ofatlar ko‘payib ketayotgani sabablari haqida ularning tasavvuri bormi? Yer yuzidagi hamma yaratiq inson uchun, yashash uchun kerakligi, ularni tanish, bilish, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash uchun o‘qish, o‘rganish zarurligini bilishadimi? O‘zimiz-chi? Bilsak, nega ariqlar, daryoyu soylarning suvi bulg‘anishiga tomoshabin bo‘lib qarab turibmiz, yo‘l bo‘ylari, mahalla-ko‘ylarda kunu tun jildirab oqib yotgan vodoprovod jo‘mragini burab qo‘yish nega esimizga kelmayapti? Nega tonnalab zaharli gaz chiqarayotgan yirik korxonalarni tartibga chaqirmayapmiz? Nega ostonamizdagi ariqlarni xazon bosib yotibdi? Kecha ekkan niholni echki g‘ajiyotganini ko‘rib turib, nega haydamaymiz? Farzand kimdan ibrat olsin? Qush uyasida ko‘rganini qilmaydimi? Qachon saboq chiqaramiz o‘zimiz — kattalar?
Qachon xulosa qilamiz, qachon rost gapirishni o‘rganamiz?
Prezident daraxt ekmoqda...
Nihol tubiga suv quymoqda. Bu nihollar o‘sib, azamat daraxtlarga, daraxtlar katta bog‘larga aylanadi hali. Bog‘lar qushlar chug‘uriga to‘ladi, bulbullar mast bo‘lib sayraydi. Asalarilar daraxtlarning gullariga qo‘nadi, shamollar o‘padi, quyosh nur to‘kadi. Qadim Turon, ulug‘ Turkiston — yangi O‘zbekiston bog‘larida qariyalar yonboshlab dam oladi, bolalar qiyqirib o‘ynaydi, Xudo xohlasa. Har nafas, har daqiqani bekor ketkazmay, tabiatni onajon, deya bag‘rimizga bosib, yelkamizda opichlab, qarog‘imizda avaylaydigan zamon keldi. Onajonimizning oydek porloq, quyoshdek mehrli ekanini bilmoq va ardoqlamoq zamoni keldi.
Kechir bizni, ona tabiat,
Soching yulib, zo‘rladik seni.
Oh ursang ham qilmadik shafqat,
Orol misol xo‘rladik seni.
Sen shod bo‘lsang, ko‘ngling to‘q bo‘lsa,
Biz ham shodmiz, bizlar ham to‘qmiz.
Ko‘zing achchiq yoshlarga to‘lsa,
Biz ham g‘arib, bizlar ham yo‘qmiz.
Boshimizni urib poyingga,
Ona, sendan uzr so‘raymiz.
Endi esa hamma joyingni,
Chechaklarga, gulga o‘raymiz.
Ko‘klatay deb ulug‘ mulkingni,
Yo‘lga chiqdi qari, yoshimiz.
Bu qudratli ulug‘ to‘lqinni,
Boshlab berdi davlat boshimiz.
Dala dashtu ko‘cha-ko‘yingni,
Burkagaymiz bog‘u bo‘stonga.
Havas qilgay bu jabhada ham,
Ahli dunyo O‘zbekistonga.
Prezident daraxt ekmoqda...
Abdusaid KO‘CHIMOV,
senator
Dinimizning ko‘zga ko‘ringan barcha ulamolari “jihod” so‘ziga quyidagicha ta’rif berganlar:
“Jihod” so‘zi lug‘atda inson tomonidan barcha imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.
Shundan kelib, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.
Ta’kidlash lozim, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol”, “harb” so‘zlari ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilm “mujtahid talaba” deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlar ham “mujtahid” deb atalgan. Unday kishilar shar’iy ilmlarni ravnaq toptirish va tarqatishda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, “jihod” so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ko‘p va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi joni, vatani va dinini saqlash uchun jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan.
Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur’on) bilan katta jihod qil!”.
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon va Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taolo uchun havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
“Jome’ul ahodis” kitobida (J. 4. B. 741) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَدِمْتُمْ مِنْ خَيْرِ مَقْدَمٍ نَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ مُجَاهَدَةَ الْعَبْدِ هَوَاهُ
“Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi-nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsi yo‘liga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekani, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani kelib chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddis olimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
جَاءَ رَجُلٌ إلى النبيِّ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ سْتَأْذِنُهُ في الجِهَادِ فَقالَ: أَحَيٌّ وَالِدَاكَ قالَ: نَعَمْ قالَ: فَفِيهِما فَجَاهِدْ
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
“Ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Unday bo‘lsa, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar».
Demak, ota-onaning xizmatini qilish ham jihod bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom har doim ishlarni tinch yo‘li bilan hal qilishga chaqirganlar. U zot doimo mojaroli holatlarni chiroyli hikmat bilan isloh qilganlari va o‘rtada tinchlik o‘rnatganlari bilan mashhurdirlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo insonlarni ozor berishdan, boshqalarga zarar yetkazishdan qaytarganlar.
Musulmonning qoni va moli haromligi, ya’ni tajovuz qilish mumkin emasligi, joni daxlsizligi haqida quyidagilarni aytganlar:
فإنَّ دِمَاءَكُمْ وأَمْوَالَكُمْ وأَعْرَاضَكُمْ وأَبْشَارَكُمْ علَيْكُم حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَومِكُمْ هذا في شَهْرِكُمْ هذا في بَلَدِكُمْ هذا
“Zero, sizlarning qonlaringiz, mol-mulklaringiz va obro‘laringiz bir-biringizga xuddi ushbu (arafa) kuningiz, ushbu (Zulhijja) oyingiz va ushbu (Makkai mukarrama) shahringiz hurmati kabi hurmatlidir (ya’ni, o‘zganing qonini to‘kish, norozi qilib molini olish va obro‘sini to‘kish haromdir)” (Imom Muslim rivoyati).
Nafaqat, musulmonni balki, boshqa dindagi kishilarni ham nohaq o‘ldirish Islomda katta gunoh va og‘ir jinoyat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
مَنْ قَتَلَ مُعَاهَدًا لَمْ يَرَحْ رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَد مِنْ مَسِيرَةِ أَرْبَعِينَ عَامًا
“Kim bir muohadni (musulmonlar bilan o‘rtalarida ahd bo‘lgan g‘ayridin kishini) nohaq o‘ldirsa, u jannatning hidini ham topolmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ
“Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan chetlangan inson haqiqiy hijrat qiluvchidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday keladi:
عَنْ أُمِّ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّهَا قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوْصِنِي قَالَ اُهْجُرِي الْمَعَاصِي فَإِنَّهَا أَفْضَلُ الْهِجْرَةِ وَحَافِظِي عَلَى الْفَرَائِضِ فَإِنَّهُ أَفْضَلُ الْجِهَادِ وَأَكْثِرِي مِنْ ذِكْرِ اللهِ فَإِنَّكِ لَا تَأْتِينَ لِلَّهِ بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ كَثْرَةِ ذِكْرِهِ.
“Ummu Anas roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mashhur alloma Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “jihod”ni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga raddiya sifatida yozgan “al-Jihod fil Islom” nomli kitobida bunday degan: “Men bu asrda ba’zi bir doiralar nazdida yangi Islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U Allohning huzuridan vahiy bo‘lib tushmaydi. Lekin ba’zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar’iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va shar’iy hujjatlarga bo‘ysunmaydi. U faqat ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsidan kelib chiqadi”.
Jang asosida olib boriladigan jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo‘qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki hozirda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tinchlik bitimi mavjud bo‘lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum.
Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Demak, hozirgi kunda mazkur ko‘rinishdagi jihodga chaqirayotganlarning chaqiriqlari hech qanday asosga ega emasligini anglab olmoq lozim bo‘ladi. Zero, men jihod qilaman deb o‘zga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning tinchligiga raxna solib, qotillik qilayotgan yoki o‘zi o‘lsa, shahid emas, balki johiliyat o‘limida o‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa, demak, u johiliyat o‘limini topibdi”, deganlar.
Kim noma’lum bayroq ostida, u bayroq kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va shu yo‘lda o‘lsa, u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman yerida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi juda achinarlidir.
Niso surasida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir” deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg‘unchi toifalar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilishi natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘layotgani achinarli hol, albatta.
Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarning ichida bo‘lgan va terrorchilar xususida bunday degan: «Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. U zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?!».
Dinimizda begunoh insonning qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng qabihi, katta qabohat hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Ba’zi olimlar jihodni uch turga bo‘ladilar:
1. Badan bilan, ya’ni har qanday harbiy vositalar bilan vatan, millat-din va xalq himoyasi uchun kofir-dushmanlarga qarshi jihod qilinadi. Bu jihodni faqat davlat rahbarlarigina amalga oshiradi, boshqarib boradi. Hozir, ming afsuski, ko‘plab musulmonlar jihod deganda faqat shu – davlat zimmasidagi vazifani tushunadi, xolos.
2. Ommaviy axborot vositalari oroqali Islomni insoniyatga yetkazish. Bu tur jihodni ulamolar qiladilar. Ulamolardan mahrum zamonlarda yashagan oddiy musulmonlarning, missionerlar va bid’at ahlining hujumlaridan himoyalanish uchun avval yashab o‘tgan ahli sunna olimlarining asarlarini, nasihatlarini kitoblar orqali, ommaviy axborot vositalari va nashrlar orqali butun dunyoga tarqatishlari, eshittirishlari kerak.
Islomning ichki va tashqi dushmanlarining buzg‘unchi, yolg‘on va soxta tashviqotlariga qarshi kurashishda ahli sunna val jamoa olimlari e’tirof etgan dinning sof ta’limotini yoyishdagi uslub bugungi kunda ham dolzarb hisoblanadi.
3. Duo bilan qilinadigan jihod. Bu jihod umumiy tarzda barcha musulmonlarga hamisha farzi ayndir. Yuqorida keltirilgan jihod turlari farzi kifoyadir. Shu uchinchi jihodga beparvo bo‘lish katta gunohdir.
Jihod – inqilob qilish, amirlarga, boshliqlarga qarshi chiqish va isyon qilish, buzish, sindirish-qiyratish, portlatish va vayron qilish degani emas. Bunday harakatlar fitna bo‘lib, Islom va boshqa musulmonlar uchun kulfat keltiradi. Musulmonlarning ezilishiga, hibsga tushishiga va din, iymon ilmlarining taqiqlanishiga yo‘l ochadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi