Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Yerni iflos qilmang
“Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmang!” (A’rof surasi, 56-oyat).
2. Alloh poklikni yaxshi ko‘radi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh pokizadir – pokizalikni sevadi”.
3. Axlat tashlamang!
Nabiy alayhissalom: “Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar”, deganlar.
4. Alloh kechirib yuboradi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yurib ketayotib tikanli bir shoxni ko‘rib, uni olib tashladi. Shunda Alloh uni taqdirladi va mag‘firat qildi”, dedilar.
5. Bu ham – sadaqa
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘ldan aziyat beruvchi narsani olib tashlashingiz ham – sadaqadir”, deganlar.
6. Qancha meva bo‘lsa shuncha savob
Nabiy alayhissalom: “Kim bir o‘simlik eksa va meva bersa, Alloh taolo uning mevasi adadicha (savob) beradi”, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD
Namangan viloyatida “Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ishga taqsimlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh Samadov hamda ta’lim muassasasi direktori Qobiljon Mirzaboyev bitiruvchilarni ishga taqsimlashga doir masalalarga to‘xtalishdi.
Ma’lumot uchun, "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining bu yilgi bitiruvchilari soni 35 nafar bo‘lib, yurtimizdagi masjidlarga imom-xatib va imom noibi vazifalariga tayinlanadi. Ta’limni davom ettirmoqchi bo‘lganlar esa Toshkent islom instituti va boshqa oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Shuningdek, ta’lim muassasasida “Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish kuni” munosabati bilan tadbir o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov so‘zga chiqib, yosh avlod qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ularini sayqal toptirish hamma davrlar uchun muhim vazifa sanalib kelishini ta’kidladi.
Tadbirlar so‘ngida talabalarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, xayrli duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati