Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Oktabr, 2026   |   15 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:28
Quyosh
06:47
Peshin
12:12
Asr
15:44
Shom
17:29
Xufton
18:43
Bismillah
26 Oktabr, 2026, 15 Jumadul avval, 1448

Agar zakotni bermasalar

27.11.2024   11822   3 min.
Agar zakotni bermasalar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Tobaroniy, Hokim va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir qavm zakotni bermasa, albatta, Alloh ularni qahatchilikka giriftor qiladi», deganlar.

Kambag‘allarning haqqini poymol qilgan har qanday jamiyat ana shu ofatga loyiqdir. Och-nahor yurgan kishilarning haqqini bermagan boylarning o‘zlari ham qahatchilikka uchrab, noiloj holga tushishlari, och-nahor qolishlari mumkin. Hozirgi kunda ba’zi yurtlarda ocharchilik-qahatchilik bo‘lib turgani ham bejiz emas. Ana shu yurtlarda bo‘layotgan qahatchilik boshqalarga saboq bo‘lishi lozim.

Imom Ibn Moja, Bayhaqiy, Bazzor va Hokimlar Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Mollarining zakotini bermasalar, albatta, osmondan yomg‘ir yog‘mas», deganlar.

Demak, ba’zi yurtlarda bo‘lib turgan qurg‘oqchiliklar ham bejiz emas. Bu hodisalar ham beva-bechora, kambag‘al-miskinlarning haqqini poymol qilgan jamiyatlarda yuzaga keladi.

Imom Buxoriy, Imom Shofe’iy, Imom Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Qaysi molga sadaqa-zakot aralashgan bo‘lsa, albatta, uni buzadi», deganlar. Ya’ni, zakotini bermasa ham, boy bo‘la turib, zakot olib, moliga qo‘shib olsa ham o‘sha zakot molning hammasi qirilib ketishiga sabab bo‘lar ekan.

Mollari tez-tez halokatga uchrayotgan kishilarni ko‘rganimizda bu ish bekorga bo‘lmayotganini o‘ylab, xulosa chiqarishimiz hamda molimiz nisobga yetishi bilan darhol zakotini bermog‘imiz kerak.

Yana shuni unutmaslik kerakki, zakotni bermaydiganlarga shariatimiz tomonidan belgilangan jazo ham bor. Bu jazo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan birida o‘z aksini topgan.

Imom Nasaiy, Imom Ahmad, Imom Abu Dovud va boshqalar Muoviya ibn Xayda roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Kim u(zakot)ni ajr tilab bersa, unga ajr bor. Kim uni man qilsa, albatta, biz ham uning molining yarmini olamiz. Bu Robbimizning azimatlaridan biridir. Oli Muhammadga undan biror narsa halol bo‘lmas», deganlar.

Xulosa shuki, musulmon kishi molining zakotini ajru savobdan umidvor bo‘lib, berishi kerak. Zakotini bermagan odamning zakoti va unga qo‘shimcha ravishda molining yarmi ham islomiy hukumat tomonidan olinib, zakotga haqdorlarga tarqatiladi. Zakot yoki u sababli olingan mol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlariga halol bo‘lmaydi. Shuningdek, zakot olishga haqqi yo‘q bo‘lgan boy kishilarga ham halol bo‘lmaydi. Bu mol faqir-fuqaro, bechora kambag‘allarnikidir.

«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar Markazda ajdodlar merosi va tarixiy taraqqiyot bilan tanishdi

26.10.2026   9783   2 min.
Imom-xatiblar Markazda ajdodlar merosi va tarixiy taraqqiyot bilan tanishdi

Samarqand viloyatidan 40 dan ortiq imom-xatib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, tarixiy ekspozitsiyalari va ajdodlarimizdan qolgan boy merosni o‘rganish imkoniyatlari bilan tanishdi, xabar bermoqda iccu.uz.

«Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida mehmonlarga islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, turli davrlarda ilm-fan, ta’lim, ma’rifat va madaniyat sohalarida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Ekspozitsiyalar orqali ular tarixiy jarayonlar, noyob manbalar va buyuk allomalarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdi.

Bulung‘ur tumanidagi Isori O‘rokli jome masjidi noib imomi Ilhomjon Mardiyev Markazda ko‘rganlari unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. Uning aytishicha, ekspozitsiyalar nafaqat ajdodlar merosini, balki mamlakatimizdagi bugungi o‘zgarishlarni ham chuqurroq anglash imkonini berdi.

«Bu yerga avvalroq kelmaganimga afsuslandim. Taassurotlarim juda katta. Ibtidoiy jamoa tuzumidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlar bilan tanishib, ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldim, desam xato bo‘lmaydi. Bobolarimiz tarixi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, ayniqsa, bugungi o‘zgarishlar haqidagi ekspozitsiyalar meni juda ta’sirlantirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlarga alohida havas bilan qaradim.

Markazni ko‘rib, jamoatimizni ham bu yerga olib kelish niyati tug‘ildi. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda masjidimiz jamoasi bilan kelib, ekspozitsiyalarni yana bir bor ko‘rishni rejalashtiryapman. Bu — qayta-qayta kelishga arziydigan majmua. Barchaga bu yerga tashrif buyurishni tavsiya qilaman.

Bugun mamlakatimizdagi taraqqiyot biz kutganimizdan ham jadal kechayotganini ko‘rish mumkin. Bu ishlarga hissa qo‘shayotgan barchaga, xususan, davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiraman», — dedi Ilhomjon Mardiyev.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish, ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy yutuqlarini o‘rganish va ularni bugungi avlod bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Samarqandlik imom-xatibning o‘z jamoatini ham Markazga olib kelish niyati esa bunday tashriflarning ma’rifiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari