Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamlarda turli xil qiziqish bo‘ladi. Bir odam zamonasida qancha ulug‘ zot bo‘lsa, hammasining huzuriga borib, «agar ertaga oxirgi kuningiz ekani ma’lum bo‘lsa, o‘sha kunda qanday amal qilasiz?» deb so‘rardi. Bu odamning maqsadi Allohning valiylari nazdidagi savobi eng ko‘p va najotga sabab bo‘ladigan amalni bilish edi. Shunday qilib, turli xil odamlarning oldiga borib, shu savolni berib yurdi. O‘sha paytdagi mashhur muhaddis Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh huzurlariga ham bordi va u kishidan ham shu savolni so‘radi: «Agar sizga ertaga vafot etishingiz ma’lum bo‘lsa, bugun qanday amal qilgan bo‘lar edingiz?»
Abdurrahmon ibn Abu Nu’aym rahmatullohi alayh shunday deb javob berdilar: «Mening har kuni qiladigan amalim bor, o‘shani qilaman. Unga birorta amal qo‘sha olmayman. Chunki vaqtlarimni shunday tartiblab olganmanki, go‘yo har bir kun mening eng oxirgi kunimdir. Ertalabdan kechgacha hayotimni shunday tartibga solganmanki, go‘yo bugun hayotimning oxirgi kuni va men qaysi amalni qilishim kerak bo‘lsa, o‘sha amalni qilyapman».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz