Farg‘ona vakilligi faoliyatidan
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 14 ta masjid faoliyat olib bormoqda. Ularda 25 nafar malakali imom-xatib va imom-noiblar xizmat olib bormoqdalar. Masjidlarda obodonchilik ishlari olib borilib, mo‘min-musulmonlar uchun qulay shart-sharoitlar hozirlanmoqda.
Imom-xatiblar va masjidlar faoliyatini o‘rganish maqsadida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev Buvaydaga tashrif buyurdi. Tuman bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Nizomov boshchiligida tumanda faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblari hamda "Haj — 2024" mavsumida ziyoratga borgan hojilar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholiga sof islom ta’limotlarini yetkazish, yoshlarni sof aqida asosida, vatanga sadoqatli qilib tarbiyalashda mas’ullar oldida turgan vazifalarga to‘xtalindi.
"Salmoni Forsiy" masjidida fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Tumanning Guzar, Buvayda va Ipak yo‘li mahalla fuqarolari yig‘inidan tashrif buyurgan fuqarolar murojaati tinglanib, ularning savollariga javob berish barobarida amaliy ko‘mak berish choralari ko‘rildi.
Masjid hududiga manzarali va gul ko‘chatlari o‘tkazilib, "Yashil makon" umummilliy loyihasining ahamiyati, ko‘chat ekishning foydalari, loyihada faol bo‘lishning manfaati xususida gapirildi.
Shuningdek, "Mansurxonto‘ra" masjidi bir yarim ming namozxon uchun mo‘jallangan, zamonaviy arxitektura talablariga hamohang ravishda ishlangan loyiha asosida qayta qurilmoqda. Namozgohning yangi binosiga g‘isht qo‘yilib, boshlangan ishlar xayrli bo‘lishini tilab duo qilindi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.