Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

28.11.2024   58962   3 min.
Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi

Davlat rahbariga ijtimoiy muhitni mustahkamlash hamda diniy ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar haqida axborot berildi.

O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Konstitutsiyamizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Ming shukrki, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhiti hukm surmoqda. Barcha din vakillari ibodat amallarini emin-erkin ado etmoqda.

Oxirgi besh yilda diniy-ma’rifiy sohaga oid 3 ta qonun, 4 ta Prezident farmoni va ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Yig‘ilishda ularning ijrosi din vakillariga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Xususan, yurtimiz musulmonlari uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida 100 dan ortiq masjid barpo etildi, 555 tasi ta’mirlandi. Diniy tashkilotlar uchun bino qurilishiga yer ajratish tartibi joriy qilindi.

Haj kvotasi avvalgiga qaraganda 2 karra oshirildi. Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtdoshimiz haj amallarini bajardi. Umra safarlarini tashkil qilish qonuniy tartibga solindi.

Sohada malaka va ilm masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy-tadqiqotlarga zamin bo‘lmoqda. Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy o‘rta maxsus ta’lim muassasasida malakali mutaxassislar tayyorlanayapti. Shuningdek, 30 ming fuqaro “Qur’oni karim va tajvid” kurslarini tamomladi.

Qabristonlarni obod qilish – savobli ish. So‘nggi yillarda Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari obod qilindi. Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida bunyodkorlik davom etmoqda. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham 90 ta ziyoratgoh ta’mirlanib, obodonlashtirildi.

Islom ma’rifatini keng yoyish va tajriba almashish maqsadida xalqaro aloqalar ham kengaytirilmoqda. Jumladan, bu yil yurtimizda “Islom – ezgulik va tinchlik dini” hamda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazildi.

Ma’lumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va nuroniylar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak. 

Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlari tajribasi asosida mahallalarda “Oqsoqollar va ota-onalar kengashlari” tuzilgani bunda muhim o‘rin tutmoqda. Yurtimiz hojilarining “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusi ham ijtimoiy vaziyatni yaxshilashda ijobiy qadam bo‘ldi.

Bunday xayrli ishlarni davom ettirib, mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash, yoshlarni ilmu hunarga chorlash muhimligi aytildi. Mutasaddilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish, bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mamlakatimizdagi  diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Manba

Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi Ijtimoiy va diniy sohalardagi ishlar bo‘yicha axborot berildi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

13.08.2026   21555   2 min.
“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

 Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.

“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.

 Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.

 “Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.

“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari