Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Kunlarning birida bir kishi Husayn roziyallohu anhuning eshigini taqillatib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytidan yordam so‘raganini aytib, ahvolini shunday izohladi:
«Ey payg‘ambarning o‘g‘li! Men birovning xuni uchun kafil edim, lekin uni to‘lashga qodir emasman. Uni odamlarning eng sharaflisidan so‘rasam, yaxshi bo‘ladi deb o‘yladim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilasidan hurmatliroq odam xayolimga kelmadi».
Qisqa suhbatdan keyin Husayn roziyallohu anhu: «Birodar, otam Aliy roziyallohu anhudan eshitdimki, har bir insonning qadri qilgan yaxshi amali bilan o‘lchanadi», dedi. So‘ng so‘zini shunday davom ettirdi: «Bobom Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: «Insonlarga ilmi va layoqatiga ko‘ra yaxshilik qilinglar», deganlar. Hozir men senga uchta savol beraman. Agar uchala savolimga ham javob bersang, qo‘limdagi shu oltin to‘la xaltachani senga beraman. Agar ikkitasiga javob bersang, uchdan ikki qismini beraman. Agar bittasiga javob bersang, uchdan bir qismini beraman».
Haligi odam ham xijolat tortdi, ham hayron qoldi. Bo‘ynini egib, muloyimlik bilan: «Siz ilm manbaisiz! Lekin shuni lozim topsangiz, so‘rang. InshaAlloh, javob berishga harakat qilaman», dedi.
Husayn roziyallohu anhu tabassum bilan so‘radi, u kishi javob berdi:
– Eng yaxshi amal nima?
«Imon».
– Odamni halokatdan nima qutqaradi?
«Allohga ishonish».
– Insonning zeb-ziynati nima?
«Sabr bilan chambarchas bog‘liq ilm».
«Agar u bo‘lmasa-chi?»
– «Saxiylik bilan chambarchas bog‘langan boylik».
«Agar u bo‘lmasa-chi?».
– «Ochiqko‘ngillik bilan chambarchas bog‘langan qashshoqlik».
«Agar u bo‘lmasa-chi?».
«Unda yashagandan ko‘ra, chaqmoq urib, joyida kuyib o‘lgan yaxshi».
Husayn roziyallohu anhu jilmayib, ichiga ming tillo tanga solingan hamyonning hammasini unga berdi. Bunga qo‘shib, ikki yuz dirhamlik uzuk ham sovg‘a qildi. Husayn roziyallohu anhu hadyalarni berayotganida: «Mana bu tilla dinorlarni qarz egalariga ber, bu uzuk (sotish) bilan ehtiyojlaringni qopla», deb maslahat berdi. Haligi odam shuncha ehson oldida hayratini yashira olmadi. O‘zini qo‘lga olib, quyidagi oyatni o‘qidi: «O‘z risolatini qayerga qo‘yishni Allohning O‘zi yaxshi biladir» (An’om surasi, 124-oyat).
#xabar #tayinlov
23 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Navoiy viloyati imom-xatiblari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish yo‘lidagi ishlar va imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida nutq qildilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev boshqa vazifaga o‘tayotgani sababli lavozimidan ozod etilib, Navoiy viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Temurjon domla Atoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Navoiy viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Temurjon domla Atoyev Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasi va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” jome masjidi imom noibi, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.
Alloh taolodan yangi tayinlangan bosh imom-xatibning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati