Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«... Imom Abu Mansur Moturidiy hayoti, ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanishmiz. Buyuk islomshunos olim islom dinining ma’rifatparvar din ekanini 9-10 asrlarda yoqlab chiqqan. Islomni o‘z mohiyatidan chetlab qilingan turli talqinlarga qarshi turgan. Allomaning fikrlari hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
O‘zbekiston – Xorazmiy, Beruniy, Farobiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk allomalar vatanidir. Butun Islom dunyosi bu shaxslarni O‘zbekiston marvaridlari, deb tan oladi. Chunki ular islom ta’limoti bilan birga, matematika, algebra, tibbiyot, astronomiya, jamiyatshunoslik, huquq, antropologiya va boshqa fanlar rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shganlar».
Malayziya Milliy universiteti professori,
Islom sivilizatsiyasi instituti asoschisi Mohd Yusuf Hoji Usmon
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati