Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hozir nima bo‘lyapti? Bir odam paydo bo‘ladi-da, «Falon oyatning ma’nosi unday emas, mana bunday», deydi. «Nima uchun bu oyatni bunday tushundingiz, birodar?» deysiz. «Falon hadisning ma’nosi bunday, mening fikrim esa bunday...» deydi...
Qayerdan oldingiz buni? Biror usulingiz (qoidangiz) bormi? Qur’onni yo usul bilan, yo havoi nafs bilan tafsir qilish mumkin. Usulingiz bo‘lmasa, demak, siz oyatni havoyi nafsingiz bilan tafsir qilibsiz-da? Xo‘sh, birodar, siz uni qanday tafsir qildingiz?
Mashhur, mutavotir, butun ummat qabul qilgan, butun yer yuziga tarqalgan, Alloh katta maqbuliyat nasib etgan tafsir bor. Bu tafsir bilan bugungi kunda u yer-bu yerda ko‘rinib qolgan Falonchi, Pistonchiga nisbat berilayotgan shaxsiy tushunchalar orasida yer bilan osmoncha farq bor! Farq shuki, biz Qur’on va Sunnatni ilmlar orqali tafsir qilamiz va o‘sha ilmlargagina ergashamiz.
Masalan, men bir faqir banda sifatida hanafiy mazhabida bir masalani gapirsam, o‘sha gapimga qarab, bu masalada menga baho beriladi. To‘g‘ri gapirsam, «Yaxshi», deysiz. Xato gapirsam, «Masalani tushunmabsiz», deysiz. Ilmlar shu darajada mahkam o‘rin egallaganki, ana shu ilmni qanchalik bilishiga qarab, ulamolarga baho beriladi. Kim chuqur, aniq o‘rgangan bo‘lsa, qadri baland bo‘ladi, Kim yaxshi o‘rganmagan bo‘lsa, martabasi tushadi. Hozir esa bir odam chiqib, «Falon-falon», deb fatvo berib yuboryapti.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari A.Allaniyazov shahar va tuman bosh imomlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B. Razov olib borgan tadbirda quyidagi muhim masalalarga e’tibor qaratildi:
Islohotlar targ‘iboti: Yurtimizdagi o‘zgarishlarni xalqqa to‘g‘ri yetkazish va tinchlikni asrashda imomlarning o‘rni;
Ma’rifiy islom: Yoshlarga ijtimoiy tarmoqlarda sof islom dini mazmunini va Hanafiy mazhabi ta’limotlarini to‘g‘ri tushuntirish;
Ma’naviy tarbiya: Juma va kundalik namozlarda dolzarb mavzular bo‘yicha manzilli tushuntirish ishlarini olib borish;
Hamjihatlik: Mahallalardagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etgan holda, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish.
Uchrashuv yakunida diniy soha vakillariga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlarga munosib ravishda, xalq farovonligi yo‘lida faol xizmat qilish lozimligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti