Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hozir nima bo‘lyapti? Bir odam paydo bo‘ladi-da, «Falon oyatning ma’nosi unday emas, mana bunday», deydi. «Nima uchun bu oyatni bunday tushundingiz, birodar?» deysiz. «Falon hadisning ma’nosi bunday, mening fikrim esa bunday...» deydi...
Qayerdan oldingiz buni? Biror usulingiz (qoidangiz) bormi? Qur’onni yo usul bilan, yo havoi nafs bilan tafsir qilish mumkin. Usulingiz bo‘lmasa, demak, siz oyatni havoyi nafsingiz bilan tafsir qilibsiz-da? Xo‘sh, birodar, siz uni qanday tafsir qildingiz?
Mashhur, mutavotir, butun ummat qabul qilgan, butun yer yuziga tarqalgan, Alloh katta maqbuliyat nasib etgan tafsir bor. Bu tafsir bilan bugungi kunda u yer-bu yerda ko‘rinib qolgan Falonchi, Pistonchiga nisbat berilayotgan shaxsiy tushunchalar orasida yer bilan osmoncha farq bor! Farq shuki, biz Qur’on va Sunnatni ilmlar orqali tafsir qilamiz va o‘sha ilmlargagina ergashamiz.
Masalan, men bir faqir banda sifatida hanafiy mazhabida bir masalani gapirsam, o‘sha gapimga qarab, bu masalada menga baho beriladi. To‘g‘ri gapirsam, «Yaxshi», deysiz. Xato gapirsam, «Masalani tushunmabsiz», deysiz. Ilmlar shu darajada mahkam o‘rin egallaganki, ana shu ilmni qanchalik bilishiga qarab, ulamolarga baho beriladi. Kim chuqur, aniq o‘rgangan bo‘lsa, qadri baland bo‘ladi, Kim yaxshi o‘rganmagan bo‘lsa, martabasi tushadi. Hozir esa bir odam chiqib, «Falon-falon», deb fatvo berib yuboryapti.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Mishariy Xarroz rahimahulloh aytadilar:
“Noliyapsanmi?
Hovli-joying torlik qilyaptimi?
Yoki yashashing va turmushingdagi mushkulotlar ko‘pmi?
Yoki uyingdagi ehtiyojlaring tez tugab qolyaptimi?
Yoki oilang, ro‘zg‘oringda yetishmovchilik bo‘lyaptimi?
U holda senga Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘qigan quyidagi duolarini dalolat qilaman. Uni tajriba qilib ko‘rib, shaxsiy hayotimda ajib ta’sirini ko‘rganman: “Allohummag‘firliy zanbiy, va vassi’ liy fiy dariy, va barik liy fiy rizqiy!” (Robbim, gunohlarimni kechir. Hovlimni keng qil va rizqimga baraka ber).
Bunga rioya qilarkansan, tez orada uyingdagi holatni o‘zgarishini ko‘rasan, inshaalloh!”.