Buyuk Britaniyada tashkil etilgan O‘zbekiston madaniy meros haftaligida ushbu mamlakat olimlari yurtimizning yuksak ma’rifiy salohiyatini alohida e’tirof etmoqda.
Londondagi Islom madaniyati markazi rahbari, doktor Ahmad al-Dubayan bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:
– O‘zbekiston juda muhim tarixiy maqomga ega mamlakat sanaladi. U Markaziy Osiyoning yuragidir. Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekiston nafaqat Buyuk ipak yo‘lining asosiy qismi ekani, balki arab dunyosiga ilm-fanni ham yetkazib berganini anglash mumkin.
Ilm-fan haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bu borada O‘zbekistonning hissasi beqiyosdir. Ko‘plab ulug‘ olimlar aynan shu yurtdan yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk zotlar O‘zbekiston farzandlaridir.
O‘zbekiston haqiqiy islom madaniyati va merosining yuragi hisoblanadi. Afsuski, so‘nggi asrlarda ko‘plab musulmonlar bu haqda yetarlicha xabardor bo‘lmadi. Endi ushbu madaniyatni ochib berish, dunyoga namoyish etish vaqti keldi. Har bir musulmon adabiyot va tarixni o‘rganganida, Samarqand, Toshkent, Termiz kabi shaharlar, Imom Buxoriydek buyuk allomalar nomlariga duch keladi. Bu muborak nomlar doim tilga olinadi, deyarli har kuni eshitiladi. Ular bizning qalbimiz, madaniyatimiz, merosimizning ajralmas qismidir.
Islom madaniyatini ulkan mozaika sifatida tasavvur qilsak, O‘zbekiston uning markazida joylashgan muhim bir bir qismdir. Agar u bo‘lmasa, umumiy tasvir to‘liq bo‘lmaydi. Aynan shu sababdan hamkorligimizni O‘zbekistondan boshlash vaqti keldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning diniy-ma’rifiy sohaga qaratayotgan yuksak e’tibori tufayli mamlakatingizda bugun Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ilmiy markazlar tashkil etildi va buni katta minnatdorlik bilan e’tirof etish kerak.
Bu minglab, yuz minglab insonlarni O‘zbekistonga jalb etadi. Ular bilim olishadi va o‘zlarini, o‘z tarixlarini yaxshiroq anglashadi. Bu yerda ko‘plab qiziqarli tarixiy joylar bor. Biz ularni bolalik paytimizda kitoblarda o‘qiganmiz. Endi esa borib o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish vaqti keldi. Bu san’at, tarix, arxitektura, qo‘lyozmalar va boshqa jihatlarga qiziqqan har bir inson uchun katta imkoniyatdir.
Islomiy ilmiy meros bu O‘zbekistonning yuragi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib Islom tinchlik dini ekanini ta’kidlagani barchamizni to‘lqinlantirdi.
Bugun dunyo islom ma’rifatini anglashi, yosh avlodga yetkazishi kerak. Bu borada O‘zbekiston yetakchisining olib borayotgan siyosati, islohotlari dunyoga o‘rnak. Hozirgi zamonaviy davrda, texnologiyalar va kommunikatsiya rivojlanishi asrida biz eshiklarni yanada kengroq ochib, bu merosni dunyoga namoyish qilishimiz kerak. Uni noto‘g‘ri tushunganlar kelib, o‘zlari O‘zbekistonning yuksak ma’rifiy salohiyatiga guvoh bo‘ladilar.
Misol uchun, O‘zbekistondagi arxitektura, san’at, adabiyot, madaniy qadriyatlar – bularning barchasi ushbu xalqning kim ekanini, qanday merosga ega ekanini anglashga yordam beradi. Bu mamlakatning haqiqiy yuzini ochib beradi va har qanday nutqdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi. Ayniqsa, Islom haqida noto‘g‘ri axborot olgan insonlar bu yerga kelib, borini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsalar, o‘zlari barcha haqiqatni tushunib olishadi. Sayyohlik, ayniqsa ziyorat turizmi, kelajakda O‘zbekistonning asosiy ustunlaridan biriga aylanadi. Bu meros nafaqat musulmonlarni, balki musulmon bo‘lmaganlarni ham o‘ziga tortadi. Ular O‘zbekistonga borib, bu ulug‘ madaniyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak.
N.Usmonova,
O‘zA
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV