Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

Doktor Ahmad al-Dubayan: O‘zbekiston Islom madaniyati va merosining yuragi

02.12.2024   8806   3 min.
Doktor Ahmad al-Dubayan: O‘zbekiston Islom madaniyati va merosining yuragi

Buyuk Britaniyada tashkil etilgan O‘zbekiston madaniy meros haftaligida ushbu mamlakat olimlari yurtimizning yuksak ma’rifiy salohiyatini alohida e’tirof etmoqda.

Londondagi Islom madaniyati markazi rahbari, doktor Ahmad al-Dubayan bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:

– O‘zbekiston juda muhim tarixiy maqomga ega mamlakat sanaladi. U Markaziy Osiyoning yuragidir. Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekiston nafaqat Buyuk ipak yo‘lining asosiy qismi ekani, balki arab dunyosiga ilm-fanni ham yetkazib berganini anglash mumkin.  

Ilm-fan haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bu borada O‘zbekistonning hissasi beqiyosdir. Ko‘plab ulug‘ olimlar aynan shu yurtdan yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk zotlar O‘zbekiston farzandlaridir.  

O‘zbekiston haqiqiy islom madaniyati va merosining yuragi hisoblanadi. Afsuski, so‘nggi asrlarda ko‘plab musulmonlar bu haqda yetarlicha xabardor bo‘lmadi. Endi ushbu madaniyatni ochib berish, dunyoga namoyish etish vaqti keldi. Har bir musulmon adabiyot va tarixni o‘rganganida, Samarqand, Toshkent, Termiz kabi shaharlar, Imom Buxoriydek buyuk allomalar nomlariga duch keladi. Bu muborak nomlar  doim tilga olinadi, deyarli har kuni eshitiladi. Ular bizning qalbimiz, madaniyatimiz, merosimizning ajralmas qismidir.  

Islom madaniyatini ulkan mozaika sifatida tasavvur qilsak, O‘zbekiston uning markazida joylashgan muhim bir bir qismdir. Agar u bo‘lmasa, umumiy tasvir to‘liq bo‘lmaydi. Aynan shu sababdan hamkorligimizni O‘zbekistondan boshlash vaqti keldi.  

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning diniy-ma’rifiy sohaga qaratayotgan yuksak e’tibori tufayli mamlakatingizda bugun Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ilmiy markazlar tashkil etildi va buni katta minnatdorlik bilan e’tirof etish kerak. 

Bu minglab, yuz minglab insonlarni O‘zbekistonga jalb etadi. Ular bilim olishadi va o‘zlarini, o‘z tarixlarini yaxshiroq anglashadi. Bu yerda ko‘plab qiziqarli tarixiy joylar bor. Biz ularni bolalik paytimizda kitoblarda o‘qiganmiz. Endi esa borib o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish vaqti keldi. Bu san’at, tarix, arxitektura, qo‘lyozmalar va boshqa jihatlarga qiziqqan har bir inson uchun katta imkoniyatdir.    

Islomiy ilmiy meros bu O‘zbekistonning yuragi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib Islom tinchlik dini ekanini ta’kidlagani barchamizni to‘lqinlantirdi. 

Bugun dunyo islom ma’rifatini anglashi, yosh avlodga yetkazishi kerak. Bu borada O‘zbekiston yetakchisining olib borayotgan siyosati, islohotlari dunyoga o‘rnak. Hozirgi zamonaviy davrda, texnologiyalar va kommunikatsiya rivojlanishi asrida biz eshiklarni yanada kengroq ochib, bu merosni dunyoga namoyish qilishimiz kerak. Uni noto‘g‘ri tushunganlar kelib, o‘zlari O‘zbekistonning yuksak ma’rifiy salohiyatiga guvoh bo‘ladilar.    

Misol uchun, O‘zbekistondagi arxitektura, san’at, adabiyot, madaniy qadriyatlar – bularning barchasi ushbu xalqning kim ekanini, qanday merosga ega ekanini anglashga yordam beradi. Bu mamlakatning haqiqiy yuzini ochib beradi va har qanday nutqdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi. Ayniqsa, Islom haqida noto‘g‘ri axborot olgan insonlar bu yerga kelib, borini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsalar, o‘zlari barcha haqiqatni tushunib olishadi. Sayyohlik, ayniqsa ziyorat turizmi, kelajakda O‘zbekistonning asosiy ustunlaridan biriga aylanadi. Bu meros nafaqat musulmonlarni, balki musulmon bo‘lmaganlarni ham o‘ziga tortadi. Ular O‘zbekistonga borib, bu ulug‘ madaniyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari kerak.  

N.Usmonova,
O‘zA

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   83855   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati