3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Namangan shahridagi “Royal” tantanalar majmuasida nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Namangan viloyati bosh imom xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov ishtirok etib, bugungi kunda mamlakatimizda barcha fuqarolar kabi nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
Vaqf xayriya jamoat fondi Namangan viloyat filiali tomonidan taqdim etilgan bayram dasturxoni va sovg‘alar tadbir mehmonlariga xush kayfiyat baxsh etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati