Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Farzandingizga bolaligida Qur’on o‘qiting. Uning qalbini Qur’oni Karim ila munavvar qiling. Undan keyin uni har qanday ishga qo‘ying, inshaalloh va yana inshaalloh, albatta, Qur’oni Karimning anvoru barakotlari uni tark etmaydi. Bolangizga hamma narsadan oldin Qur’onni o‘rgatib qo‘ysangiz, iymon urug‘ini uning qalbiga mustahkam joylab qo‘ygan bo‘lasiz. Tajribalarda ko‘rilgan ish shuki, yoshligida Qur’oni Karimni o‘qib-o‘rgangan bolalar keyinchalik qanday muhitga tushsalar ham, iymon urug‘i ularning qalbida turaveradi.
Ammo siz bolaga yoshligida «bismillah», «subhanalloh», «alhamdulillah» kalimalarini, Qur’oni Karimni o‘rgatish o‘rniga, it-mushukni tanitsangiz, aqliga hayvonlarni joylab qo‘ysangiz, uning qalbiga iymon nuri qayerdan kiradi? Islom muhabbati qayerdan keladi? Oxiratning g‘am-tashvishi qanday paydo bo‘ladi? Tarbiyamiz shunaqa bo‘lganidan keyin chor tarafimizda moddaparast odamlarning izg‘ib yurishi tabiiy hol. Undaylarda Alloh taoloning huzurida turish hissi ham yo‘q. Undaylar o‘zlariga zulm qiladi. O‘zgalarning esa, terisini shilib oladi.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati