Cavol: Men peshin namozini uyda o‘qiyotgan edim. To‘rtinchi rakatida asrga azon aytildi. O‘qigan peshin namozim durustmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, o‘qigan peshin namozingiz durust, uni qayta o‘qilmaydi. Bu haqida Imom Qo‘histoniy bunday zikr qilganlar: “Vaqtlik namozni o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqib ketsa, namozi buzilmaydi. Eng to‘g‘ri gap shudir. Mazkur namoz ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi, qazo hisoblanmaydi. Eng sahih gap shudir. “Zohidiy”ning qazo bobida ham shunday zikr qilingan. Ammo bundan bomdodni o‘qiyotganida, uning vaqti chiqishi istisno qilinadi. Chunki u (bomdod vaqtining chiqishi) namozni buzuvchidir” (“Jomeur-rumuz” kitobi).
Demak, bir farz namozini o‘qiyotganida, ushbu namozning vaqti chiqsa, namoz buzilmaydi. Chunki ikkinchi farz namozining vaqti kiradi. Masalan: peshinni o‘qiyotganida, asrga azon aytilsa, peshinning vaqti chiqishi bilan asrning vaqti kiradi.
Shuningdek, asrning vaqti chiqishi bilan, shomning vaqti kiradi, shomning vaqti chiqishi bilan, xuftonning vaqti kiradi. Shunga ko‘ra, namozni bir farz namozining vaqtida boshlab, ikkinchi farz namozining vaqtida tugatgan bo‘ladi.
Shuning uchun uning namozi durust va ado, ya’ni o‘z vaqtida o‘qilgan bo‘ladi. Faqat bomdod namozi bundan mustasno. Chunki bomdodning vaqti chiqqanidan keyin peshinning vaqti kirmaydi. Shuning uchun bomdodni o‘qiyotganida, quyosh chiqib qolsa, uning namozi buziladi va qazosini o‘qish vojib bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati